AI Tamagotchi’lari paydo bo‘lmoqda
OpenAI’ning 2026-yilgi DevDay tadbirida sahnada Sam Altman. | Foto: Hayden Field / The Verge
OpenAI’ning 2026-yilgi DevDay tadbirida sahnada Sam Altman. | Foto: Hayden Field / The Verge
AI odamlarning telefon va kompyuterlariga ancha chuqur kirib bordi. Ammo alohida qurilmalar bozorida hozircha katta muvaffaqiyat qozona olmadi. Kelgusi bir yil ichida Meta va OpenAI bu holatni o‘zgartirishga urinib ko‘radi. Ko‘rinishidan, har ikki kompaniya o‘xshash yo‘lni tanlagan: yoqimtoy dasturiy agentlar orqali foydalanuvchilarning jismoniy qurilmalarga qiziqishini sinab ko‘rish.
“Uskuna yaratish oson emas” — texnologiya sanoatida ko‘p takrorlanadigan gap. Friend va Humane AI Pin kabi maxsus AI qurilmalari foydalanuvchilarda asosan hafsalasizlik va salbiy munosabat uyg‘otdi. AI’ga qarshi jamoatchilik noroziligi kuchayayotgan bir paytda, bu muammo yanada keskinlashishi mumkin.
Shunga qaramay, Meta ham, OpenAI ham rejalaridan qaytmayapti. OpenAI taniqli sobiq Apple dizayneri Jony Ive bilan hamkorlikda qurilma ishlab chiqarmoqda. Kompaniyaning ommaviy hujjatlarida aytilishicha, mahsulot 2027-yil fevralidan oldin chiqarilmaydi. Meta esa marjonga o‘xshash qurilmasini tezroq — joriy yilgi bayramlar oldidan sotuvga chiqarishni rejalashtirmoqda.
OpenAI’ning qurilmasi bu yilgi DevDay tadbirida namoyish etilmadi. Biroq kompaniya Dots deb nomlangan yangi AI agentlar platformasini taqdim qildi. Unda foydalanuvchi o‘zi sozlashi mumkin bo‘lgan, ko‘zchali va turli rangdagi yoqimtoy shakllar mavjud.
Tadbirdan keyingi jurnalistlar bilan savol-javob chog‘ida OpenAI bosh direktori Sam Altmandan Dots kelajakdagi jismoniy qurilmada ham paydo bo‘ladimi, deb so‘rashdi. U aniq tafsilotlarni oshkor qilmasdan, “Kelajakda shunday qilishimiz mumkin, deb taxmin qilish juda mantiqli”, deya javob berdi.
Meta esa o‘z qurilmasini yaqinda taqdim etilgan Muse agenti bilan bevosita bog‘lamoqda. Bosh direktor Mark Zuckerberg uni brelokka qiyosladi. Muse Charm deb ataladigan qurilma ekran bilan jihozlangan bo‘lib, unda yoqimtoy ko‘rinishdagi Muse AI agenti aks etadi. Shu sababli u Tamagotchi’ni eslatadi.
“Biz bu kichkina qurilmaga juda ko‘p texnologiyani joyladik, — dedi Zuckerberg sahnada. — Shuning uchun, agar ko‘zoynak taqmagan bo‘lsangiz, Muse bilan gaplashish va unga atrofingizda nimalar bo‘layotganini ko‘rsatishning eng tezkor usuli aynan shu bo‘ladi.”
Ehtimol, Meta va OpenAI boshqa kompaniyalarning muvaffaqiyatsiz qurilma taqdimotlaridan xulosa chiqargan. Ularning hozirgi strategiyasi dastlab AI agentlarini ommalashtirib, keyin qurilmaning o‘zini bozorga chiqarishga o‘xshaydi.
Ya’ni kompaniyalar avval odamlarni AI agentlaridan foydalanishga o‘rgatmoqchi. Foydalanuvchilar bu agentlar “haqiqatan ham ishlayapti” degan xulosaga kelib, ular haqida boshqalarga gapira boshlashiga umid qilinmoqda. Odamlar yoqimtoy agentlardan amaliy foyda ko‘rib, hatto ularga ko‘nikib qolgach, ularni jismoniy qurilma shaklida ham xohlashi mumkin.
Boshqa kompaniyalar, jumladan Friend ham dasturiy ta’minotni birinchi o‘ringa qo‘yadigan shunga o‘xshash strategiyani tanlagan. Ammo Friend asosan hamroh bo‘la oladigan chatbot sifatida taqdim etilgan, unumdorlikni oshiruvchi vosita sifatida emas.
DevDay’dagi matbuot anjumanida jurnalistlar Dots kelajakda ChatGPT bilan muloqot qilishning asosiy interfeysiga aylanishi mumkinmi, deb so‘rashdi. OpenAI’ning asosiy mahsulotlar bo‘yicha rahbari Thibault Sottiaux kompaniya “yaqin orada ChatGPT’ni uning o‘rnida rivojlantirib, ajoyib shaxsiy yordamchiga aylantirishini” aytdi.