Angliya qiroli ham AI masalasida ikkilanmoqda
Qirol Charles payshanba kuni Buyuk Britaniya hukumati va AI sohasining eng nufuzli vakillari ishtirokida yopiq sammit o‘tkazdi.
Qirol Charles payshanba kuni Buyuk Britaniya hukumati va AI sohasining eng nufuzli vakillari ishtirokida yopiq sammit o‘tkazdi.
Qirolning sammitdagi nutqi Dumfries House qarorgohida yangragan. XVIII asrga oid Ayrshire grafligidagi ushbu mulk Qirol Charles xayriya jamg‘armasiga tegishli. Qirollik oilasi konstitutsiyaviy sabablarga ko‘ra siyosiy masalalarga chuqur aralashishdan odatda ehtiyot bo‘ladi. AI esa ayni paytda dunyodagi eng bahsli mavzulardan biridir. Shu sababli qirolning chiqishi alohida e’tibor tortdi.
Qirol yig‘ilganlarni AI’ni “hali kech bo‘lmasidan oldin” nazorat qilish yo‘lini topishga chaqirdi. U texnologiyaning juda tez rivojlanayotgani va uning “mohiyati” “ham qiziq, ham chuqur xavotirli” ekanini ta’kidladi.
“AI hayotni yaxshilash va saqlab qolish uchun ulkan imkoniyatlarga ega ekanini allaqachon ko‘rsatmoqda”, dedi u tibbiyot va ilm-fanni misol qilib. “Biroq bu texnologiyalarni yaratganlarning o‘zi ham AI yanada xavfli imkoniyatlarni namoyon qilishi, hatto hayotni barbod qilish darajasiga yetishi mumkinligidan tobora ko‘proq ogohlantirmoqda.”
Bu gaplar Anthropic kompaniyasidagi tadqiqotchi ishdan ketganidan bir necha kun o‘tib aytildi. Tadqiqotchi internetda AI kompaniyalari “har qanday odamdan ancha aqlli mashinalarni yaratish uchun poygalashayotgani”ni yozgan va insoniyat “bundan omon qolmasligi mumkin”ligini bildirgan edi.
Qirol so‘zida davom etar ekan, bu texnologiya noto‘g‘ri odamlar qo‘liga tushib, “potensial halokatli” maqsadlarda ishlatilsa, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan “insoniyat mavjudligiga tahdid soluvchi xavflar”ni jiddiy o‘rganish zudlik bilan zarurligini aytdi.
“Barchasi juda kech bo‘lmasidan oldin yetarli nazorat vositalarini yaratishimiz kerak emasmi?” dedi u.
Nutqining yakunida King Charles sammit ishtirokchilarini AI’ning foydali jihatlaridan unumli foydalanish yo‘lini topishga, buning uchun xalqaro hamkorlik va umumiy kelishuvni shakllantirishga chaqirdi. Bu fikr Anthropic kompaniyasi o‘zining Fable va Mythos modellaridan foydalanish imkoniyatini faqat AQSh mijozlari uchun qoldirganidan keyin yangradi. Mazkur qaror Yevropadagi texnologiya sohasi vakillarini hayratga soldi va ko‘pchilikni AI suvereniteti masalasi haqida o‘ylashga majbur qildi.
“Oldingizda turgan vazifa shunchaki texnologiyani rivojlantirish emas. Eng muhimi, u insoniyat, jamiyat va tabiat manfaatlariga xizmat qilishda davom etishini ta’minlashdir”, dedi qirol nutqini yakunlar ekan. “Yangiliklarni qabul qilarkanmiz, azaliy qadriyatlarni yo‘qotib qo‘ymasligimiz kerak.”
OAV xabarlariga ko‘ra, qirol tadbirda taxminan 20 daqiqa qolgan, so‘ng mehmonlarni bu masalalarni o‘zaro muhokama qilish uchun qoldirib ketgan. Sammitda OpenAI nomidan kompaniyaning moliyaviy direktori Sarah Friar, Anthropic nomidan esa global aloqalar yo‘nalishiga rahbarlik qiluvchi Tino Cuéllar qatnashdi.
Izoh so‘ralganda Cuéllar kompaniya bu muhokamada ishtirok etganidan mamnun ekanini bildirdi. U qirolga “AI’ning jamoatchilik manfaatlariga xizmat qilishdagi rolini muhokama qilish uchun sanoat yetakchilari va jamiyatning turli qatlamlari vakillarini bir joyga to‘plagani” uchun minnatdorlik bildirdi.
King Charles AI’ning foydasi va u keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan muammolar haqida birinchi marta gapirayotgani yo‘q. U bu mavzuga 2023 va 2024-yillarda ham to‘xtalgan. Biroq bu sammit AI deyarli barcha sohalar, mavzular va jamoatchilikdagi muhokamalar markaziga aylangan bir paytda o‘tkazilgani bilan ayniqsa dolzarbdir.