Anthropic biolaboratoriyasi Crispr’ga qiyoslanayotgan kashfiyot qildi
Anthropic kompaniyasi o‘zining Claude sun’iy intellekti kuchli gen tahrirlash vositasi Crispr asosidagi mexanizmlarga o‘xshash yangi fermentlar tizimini…
Anthropic kompaniyasi o‘zining Claude sun’iy intellekti kuchli gen tahrirlash vositasi Crispr asosidagi mexanizmlarga o‘xshash yangi fermentlar tizimini “mustaqil ravishda kashf etganini” ma’lum qildi. Bu Anthropic yaqinda ishga tushirgan ho‘l laboratoriya — tirik organizmlar bilan tajribalar o‘tkaziladigan laboratoriya — olgan ilk natija bo‘ldi. Shuningdek, kompaniya ommaga chiqishga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir paytda, ushbu tajriba Claude’ning ilmiy tadqiqotlardagi imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazmoqda. Kompaniya bayonotiga ko‘ra…
Robert Hart
Londonda yashovchi jurnalist Robert Hart The Verge nashrida AI mavzusini yoritadi va Tarbell Fellow dasturining katta ilmiy xodimi hisoblanadi. U avval Forbes uchun sog‘liqni saqlash, fan va texnologiyalar haqida yozgan.
Anthropic ma’lumotiga ko‘ra, Claude kuchli gen tahrirlash vositasi Crispr’ning ishlash mexanizmlariga o‘xshash yangi fermentlar tizimini “mustaqil ravishda kashf etgan”. Bu Anthropic yaqinda tashkil etgan ho‘l laboratoriyaning ilk natijasi bo‘lib, Claude’ning ilmiy izlanishlar uchun qanchalik foydali ekanini ko‘rsatadigan dastlabki sinovdir. Kompaniya ayni paytda ommaviy aksiyalar taklifiga chiqishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Kompaniya Claude bu fermentlar tizimini ulkan DNK ketma-ketliklari ma’lumotlar bazasini o‘rganish orqali topganini aytdi. Anthropic olimlari esa jarayonda faqat dastlabki topshiriqni berish va laboratoriya tajribalarini o‘tkazish bosqichlarida qatnashgan.
Anthropic ma’lumotiga ko‘ra, 21 soat davomida qariyb 950 ta Claude agenti 210 million tokenni tahlil qilgan. Shunda ulardan biri ma’lumotlar to‘plamidagi noodatiy takrorlanuvchi naqshni payqab, uni inson mutaxassislar ko‘rib chiqishi uchun belgilagan. Keyingi tahlil va laboratoriya sinovlari natijasida bakteriyalarni zararlaydigan viruslar — bakteriofaglarda uchraydigan, avval tavsiflanmagan fermentlar tizimi aniqlangan.
Anthropic bu fermentlar tizimi aynan nima vazifa bajarishini hali to‘liq tushunib yetmaganini bildirdi. Shunga qaramay, kompaniya bunday topilmani erta bosqichdayoq jamoatchilik bilan bo‘lishish muhim, deb hisoblaydi. “Bu bir tomondan Claude’ning imkoniyatlarini namoyish etadi, ikkinchi tomondan esa kengroq ilmiy hamjamiyatga ustida ishlayotgan yo‘nalishlarimiz haqida tasavvur beradi”, — deyiladi kompaniya bayonotida.
Anthropic kashfiyotni Crispr bilan qiyoslayotgan bo‘lsa-da, uning amaliy qo‘llanishi bo‘ladimi-yo‘qmi, hozircha noma’lum. Bu topilma gen tahrirlash texnologiyasi kabi katta o‘zgarishlarga olib kelishi u yoqda tursin, kundalik amaliyotda foyda beradimi — buni ham aytish qiyin. Tan olish kerakki, e’lon ancha erta qilindi. Anthropic esa laboratoriyasiga ko‘proq olimlarni jalb qilish va dori vositalarini yaratish kabi yo‘nalishlarga kirib borishni maqsad qilgan.
Bu sa’y-harakatlar AI kompaniyalari tobora kuchliroq modellarining qiymatini ko‘rsatish uchun ilmiy tadqiqotlarga ko‘proq e’tibor qaratayotgan bir paytda amalga oshirilmoqda. OpenAI esa, o‘z navbatida, sohadagi akademik me’yorlar va an’analarni deyarli inobatga olmagan holda, tobora murakkab matematik masalalarni ketma-ket yechib bormoqda.
Ushbu maqolada tilga olingan mavzular va mualliflarga obuna bo‘ling — shaxsiy bosh sahifangizda shunga o‘xshash materiallarni ko‘ring va yangiliklarni elektron pochta orqali qabul qiling.
Robert Hart