Anthropic investorlarga uning «jami potensial bozori» 30 trillion dollarga teng ekanini isbotlamoqchi — bu butun AQSH iqtisodiyotiga deyarli teng

Claude yaratuvchisi 2 trillion dollarlik IPOga tayyorlanayotgani aytilmoqda.

Claude yaratuvchisi 2 trillion dollarlik IPOga tayyorlanayotgani aytilmoqda. Kompaniya investorlarni AQSHning yalpi ichki mahsulotiga qariyb teng bo‘lgan potensial bozor hajmiga ishontirmoqchi.

AI kompaniyalari bir jihati bilan mashhur bo‘lsa, bu — tasavvur qilish qiyin bo‘lgan ulkan raqamlarni tilga olishidir. So‘nggi bir necha yilda sohada misli ko‘rilmagan maoshlar, rekord darajadagi joriy etish ko‘rsatkichlari va ilgari kuzatilmagan kapital xarajatlar paydo bo‘ldi. Endi esa navbat jami potensial bozor, ya’ni TAM baholariga keldi. Ularning qiymati butun AQSH fond bozori hajmining qariyb 40 foiziga teng.

Wall Street Journal xabariga ko‘ra, 2 trillion dollarlik IPO yoqasida turgani aytilayotgan AI laboratoriyasi Anthropic investorlarga uning jami potensial bozori 30 trillion dollardan ortiq ekanini ma’lum qilmoqchi.

Bu raqamni tasavvur qilish uchun: u Xitoyning umumiy YAIMidan katta, AQSHning butun YAIMiga qariyb teng va 120 trillion dollarlik jahon YAIMining taxminan chorak qismini tashkil etadi.

TAM Anthropic yaqin kelajakda shuncha daromad oladi degani emas. Jami potensial bozor — kompaniya tegishli bozorning 100 foizini egallagan taqdirda, nazariy jihatdan bir yilda topishi mumkin bo‘lgan daromad hajmi. Tadbirkorlar venchur kapital fondlarini o‘z loyihasiga sarmoya kiritishga ishontirish uchun tayyorlaydigan taqdimotlarda TAM odatiy ko‘rsatkich hisoblanadi. Chunki u kompaniya kelajakda qanchalik kattalashishi mumkinligini ko‘rsatadi. IPOga chiqayotgan kompaniyalar esa bu raqamdan hozirgi daromadi bilan taklif qilinayotgan bahosi o‘rtasidagi katta tafovutni asoslash uchun foydalanadi.

Journal xabariga ko‘ra, Anthropic o‘z TAM hisob-kitobini korporativ dasturiy ta’minot, bulutli hisoblash yoki AI obunalari kabi alohida toifadan boshlamagan. Laboratoriya bu bahoni AI modellari yordamida bajarilishi mumkin bo‘lgan barcha ishlar ko‘lamiga asoslagan.

An’anaviy korporativ dasturlar xodimlar unumdorligini oshirgan, ammo ularning o‘rnini to‘liq egallashi kamdan-kam kuzatilgan. Anthropic va uning raqiblari esa o‘z modellari bilimga asoslangan ishlarni boshidan oxirigacha bajara olishini ta’kidlamoqda. Bunga huquqiy hujjatlarni tayyorlash, kod yozish va uni tekshirish kabi vazifalar kiradi.

Shu sababli kompaniya o‘z TAMini huquq, buxgalteriya, muhandislik va biznes jarayonlarini autsorsing qilish kabi sohalarda uning tizimlari nazariy jihatdan o‘rnini bosa oladigan barcha inson mehnatining qiymati sifatida ko‘rsatishi mumkin, dedi Backed VC asoschisi va bosh hamkori Alex Brunicki Fortune nashriga.

«Claude va uning kod yozish imkoniyatlarini olaylik. U insonlar bajarayotgan ishni boshidan oxirigacha almashtirishi mumkin, deb aytish mumkin. Shunday ekan, bu mahsulotlarning TAMi aslida o‘sha ish natijasini yaratadigan mehnat bozorining o‘zidir», — dedi u.

Biroq Brunicki Anthropic bu bozorning katta qismini egallashiga boshqa omillar to‘sqinlik qilishi mumkinligini qayd etdi. Chunki tobora ko‘proq kompaniyalar arzonroq ochiq kodli tizimlar asosida yaratilgan, muayyan sohaga moslashtirilgan modellarni joriy qilmoqda.

Anthropic hayratlanarli darajada katta TAM e’lon qilgan birinchi kompaniya emas. SpaceX yaqinda o‘zining potensial bozorini 28,5 trillion dollarga baholadi. 2019-yilda Uber ham butun dunyodagi shaxsiy avtomobillar va jamoat transporti bosib o‘tadigan yo‘llarning umumiy qiymatini hisoblab, o‘z TAMini 6 trillion dollar deb ko‘rsatgan edi.

O‘sha paytda ayrim moliyaviy tahlilchilar va baholash bo‘yicha mutaxassislar 6 trillion dollarlik ko‘rsatkichni jiddiy hisob-kitobdan ko‘ra agressiv marketing deb baholagan. Ko‘pchilik Anthropic keltirgan raqamga ham xuddi shunday shubha bilan qaramoqda.

Read on AI News →