Anthropic olimlar va ishlab chiqaruvchilarga uskunalarni “aqllilashtirish” imkonini beruvchi yangi standartni taqdim etdi

Model Hardware Standard (MHS) istalgan AI modeli bilan ishlaydi — faqat Claude bilan emas.

Model Hardware Standard (MHS) istalgan AI modeli bilan ishlaydi — faqat Claude bilan emas. Hozircha esa undan foydalanish imkoniyati sanoqli kompaniyalarga berilgan.

Tasavvur qiling: zavoddagi barcha uskunalar AI yordamida boshqariladi, robot qo‘llar va yig‘uv liniyalari esa o‘zaro umumiy tilda “muloqot qiladi”. Yoki ilmiy laboratoriyada mikroskoplar ma’lum turdagi molekulalarni mustaqil ravishda izlaydi — kechayu kunduz, inson aralashuvisiz.

Anthropic kompaniyasi payshanba kuni tadqiqot uchun sinov versiyasi sifatida taqdim etgan yangi Model Hardware Standard (MHS) aynan shunday imkoniyatlarni ko‘zda tutadi. Bu Anthropic’ning “jismoniy AI” sohasidagi ilk qadami bo‘lib, MHS Anthropic’ning Claude kabi ilg‘or katta til modellari (LLM)ni ishlab chiqarish uskunalari, mikroskoplar va boshqa jismoniy qurilmalar bilan bog‘lashga xizmat qiladigan tizim hisoblanadi.

Anthropic’ning ta’kidlashicha, MHS yordamida kompaniyalar AI’ni o‘z uskunalariga “bir necha soat yoki daqiqada” integratsiya qilishi mumkin. Odatda esa bunday jarayon “bir necha hafta, hatto oylar” davom etadi va maxsus yechim yaratish uchun mutaxassislar kerak bo‘ladi. Ilg‘or AI vositalaridan foydalanish imkoniyatining kengayishi “kecha-yu kunduz ishlaydigan avtonom tajribalar va ish jarayonlari”ga yo‘l ochadi. Ilmiy tadqiqotlar hamda ilg‘or ishlab chiqarish MHS’ning asosiy qo‘llanish yo‘nalishlari bo‘lishi kutilmoqda.

MHS bir nechta qurilmani ham o‘zaro bog‘lay oladi. Ular “o‘qish” kabi buyruqlar to‘plami orqali muloqot qiladi. Istalgan apparat qurilmasi bunday buyruqlarni tushunib, ularga mos ravishda amal bajarishi mumkin.

MHS muayyan modelga bog‘lanmagan standartdir. Ya’ni u faqat Claude bilan emas, boshqa kompaniyalar yaratgan OpenAI modellari yoki ochiq kodli modellar kabi istalgan LLM bilan ishlay oladi. Standart 2024-yilda Anthropic taqdim etgan Model Context Protocol (MCP) asosida qurilgan. MCP — ma’lumot manbalarini ulash uchun mo‘ljallangan universal, ochiq standart. Anthropic texnik xodimi Alek Kemeny Fortune nashriga MCP’ni “AI’ni dasturiy ta’minot bilan bog‘lash uchun USB’ga o‘xshash narsa” deb ta’rifladi.

Kemeny’ning aytishicha, mavjud uskunalarning barchasi MHS’ga darhol ulana olmaydi. Chunki ularning hammasida dasturiy interfeys mavjud emas. Ushbu loyiha doirasida Anthropic “ko‘plab qurilma ishlab chiqaruvchilari” bilan hamkorlik qilib, zarur interfeysga ega va MHS oldindan o‘rnatilgan yangi mahsulotlarni yaratmoqda. Kompaniya ishlab chiqaruvchilarga mavjud qurilmalarga MHS ulanishlarini qo‘shishda ham yordam bermoqda.

“Biz tasavvur qilayotgan va tomon harakatlanayotgan kelajak mana shu,” dedi Kemeny. “Kelajakda olimlar bunday qurilmalarni sotib oladi va ular qutidan chiqarilishi bilan ishlay boshlaydi. Standartni joriy etish jarayoni aynan shundan iborat.”

Anthropic’ning fan yo‘nalishidagi hamkorlik va joriy etish bo‘limi rahbari Jonah Cool esa ilmiy uskunalar ko‘pincha “juda mo‘rt bo‘lgan, yopiq ishlab chiqaruvchi yechimlariga tayanishi va olimlarning ehtiyojlarini to‘liq qondirmasligi”ni ta’kidladi. MHS istalgan modelni uskunaga ulashga yordam beradigan standartlashtirilgan va oson dasturlanadigan interfeysni taklif qiladi.

“Biz olimlarning ma’lum bir ishlab chiqaruvchiga qaram bo‘lib qolishining oldini olmoqchimiz,” dedi Cool.

MHS’ning tadqiqot uchun sinov versiyasi AI va robototexnologiyalarni birlashtirish imkoniyatlariga qiziqish kuchayib borayotgan bir paytda taqdim etildi. Hugging Face ham bugun o‘zining ilk jismoniy AI mahsuloti — robot o‘rdakni namoyish etdi. Biroq Anthropic’ning ma’lum qilishicha, u MHS asosida ishlamaydi.

13 milliard dollarga sotib olinishi kutilayotgan Hugging Face kompaniyasini xarid qilmoqchi bo‘lgan Nvidia ham jismoniy AI yo‘nalishini uzoq vaqtdan beri faol qo‘llab-quvvatlab keladi. Nvidia bosh direktori Jensen Huang mart oyida kelajakda “har bir sanoat kompaniyasi robototexnika kompaniyasiga aylanadi”, deb bashorat qilgan edi.

Read on AI News →