Apple Pay tez orada Uzcard va Humo kartalarini qo‘llab-quvvatlaydi — Markaziy bank

Regulyator sakkizta bank mijozlari uchun Apple Pay rasman ishga tushirilganini ma’lum qildi. Kelgusida xizmatga ulanadigan banklar ro‘yxati kengaytiriladi.

Regulyator sakkizta bank mijozlari uchun Apple Pay rasman ishga tushirilganini ma’lum qildi. Kelgusida xizmatga ulanadigan banklar ro‘yxati kengaytiriladi.

O‘zbekiston Markaziy banki mamlakatda Apple Pay rasman ishga tushirilganini e’lon qildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

“Bugungi kunda milliy to‘lov tizimlariga tegishli Uzcard va Humo kartalaridan Apple Pay bilan foydalanish imkonini berish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Ushbu kartalarni qo‘llab-quvvatlash yaqin vaqt ichida yo‘lga qo‘yiladi”, — deyiladi xabarda.

Dastlab Apple Pay olti bank tomonidan chiqarilgan Visa va Mastercard kartalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Ular — O‘zbekiston Milliy banki (NBU), Ipak Yuli Bank, Orient Finans Bank, Kapitalbank, TBC Bank Uzbekistan va Octobank. Shuningdek, Hamkorbank va Uzum Bank tomonidan chiqarilgan Visa kartalaridan ham foydalanish mumkin bo‘ladi.

Foydalanuvchilar kartalarini Apple Wallet’ga qo‘shib, iPhone, Apple Watch va xizmatga mos boshqa qurilmalar orqali to‘lovlarni amalga oshirishlari mumkin.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, xizmat karta ma’lumotlarini himoya qilish va tranzaksiyalar xavfsizligini ta’minlash uchun maxsus texnologiyalardan foydalanadi. Banklar va to‘lov tizimlari zarur texnik tayyorgarlikni yakunlagani sari Apple Pay’dan foydalanish imkoniyati bosqichma-bosqich kengaytiriladi.

Apple Pay va Google Pay O‘zbekistonda ishlay boshlagani haqidagi dastlabki xabarlar 27-oktabr kuni ertalab paydo bo‘lgan edi. O‘sha paytda foydalanuvchilar mahalliy bank kartalarini raqamli hamyonlariga qo‘sha boshlagan. Spot muxbirlari ham kartalarini ushbu xizmatlarga ulashga muvaffaq bo‘lgan.

Materialning inglizcha versiyasi AI tarjima vositalari yordamida tayyorlangan va asl matndan biroz farq qilishi mumkin.

Izohlar

Read on AI News →