Apple Pay yaqin kunlarda O‘zbekistonda ishga tushishi kutilmoqda
Markaziy bank, tijorat banklari, Humo va Uzcard to‘lov tizimlari Apple Pay’ni texnik jihatdan integratsiya qilmoqda.
Markaziy bank, tijorat banklari, Humo va Uzcard to‘lov tizimlari Apple Pay’ni texnik jihatdan integratsiya qilmoqda.
Google Pay O‘zbekistonda ishga tushdi. Apple Pay esa yaqin kunlarda ishga tushishi kutilmoqda, deya xabar berdi Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati.
Apple Pay’ni texnik jihatdan joriy etish ishlari Markaziy bank, tijorat banklari hamda Humo va Uzcard to‘lov tizimlari tomonidan olib borilmoqda.
Idora ma’lumotiga ko‘ra, xalqaro to‘lov xizmatlarining ishga tushirilishi xorijiy sayyohlar uchun hisob-kitoblarni osonlashtiradi. Shuningdek, bu ularning naqd pul va xalqaro bank kartalariga bo‘lgan ehtiyojini kamaytiradi.
Avgust oyida Alipay+ to‘lov shlyuzi Humo infratuzilmasida ishga tushirilgan edi. Bu xizmat Alipay foydalanuvchilari va unga ulangan raqamli hamyonlar, xususan, Xitoydan kelgan sayyohlarga O‘zbekistonda UzQR kodlari orqali xaridlar uchun to‘lov qilish imkonini beradi.
Humo va Hindistonning NPCI International kompaniyasi ham UzQR’ni UPI to‘lov tizimiga integratsiya qilish masalasini muhokama qilmoqda. Bu integratsiya hindistonlik sayyohlarga odatda foydalanadigan ilovalari orqali to‘lov qilish imkonini beradi.
Google Pay va Apple Pay’ning ishga tushirilishi
19-oktabr kuni Google O‘zbekistonda Google Pay ishga tushirilganini e’lon qildi. Bu haqda Google Cloud kompaniyasining Markaziy va Sharqiy Yevropa bo‘yicha hukumat bilan aloqalar va davlat siyosati direktori Marcin Krasuski Samarqandda bo‘lib o‘tgan raqamli texnologiyalar bo‘yicha panel sessiyasida ma’lum qildi. Sessiya Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh ishtirokidagi C5+1 tadbirlari doirasida tashkil etilgan.
Iyul oxirida Markaziy bankning To‘lov tizimlarini rivojlantirish departamenti rahbari Jamshid Usmanov Spot nashriga bergan intervyusida Google Pay va Apple Pay O‘zbekistonda yaqin oylar ichida ishga tushishi mumkinligini aytgandi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritilgach, Markaziy bank, tijorat banklari, Humo va Uzcard Apple hamda Google kompaniyalari bilan muzokaralarni boshlagan. Shu bilan birga, xizmatlarni texnik jihatdan integratsiya qilish ishlari ham yo‘lga qo‘yilgan.
Banklar foydalanuvchilar milliy to‘lov tizimlari kartalari, shuningdek Visa va Mastercard kartalarini ushbu xizmatlarga qo‘sha olishi uchun kartalarni tokenlashtirish ustida ham ishlagan.
26-mart kuni prezident barcha shaxsiy ma’lumotlarni O‘zbekiston hududidagi serverlarda saqlash talabini bekor qiluvchi qonunni imzoladi. Biroq biometrik va genetik ma’lumotlar, shuningdek, telekommunikatsiya abonentlariga oid ma’lumotlar uchun bu cheklov saqlanib qolgan. Boshqa shaxsiy ma’lumotlar belgilangan shartlarga rioya qilingan holda xorijda qayta ishlanishi mumkin.