Binance xakerlik hujumidan ko‘rilgan zararni o‘z mablag‘i hisobidan qoplaydi

Kriptovalyuta birjasi zaxirasiga 6,34 milliard dollar ajratdi va hujumchilar o‘g‘irlagan aktivlarga mos tokenlarni sotib olmoqda.

Kriptovalyuta birjasi zaxirasiga 6,34 milliard dollar ajratdi va hujumchilar o‘g‘irlagan aktivlarga mos tokenlarni sotib olmoqda.

Binance kriptovalyuta birjasi 29–30 oktabrga o‘tar kechasi yuz bergan kiberhujumdan zarar ko‘rgan foydalanuvchilarga “zararlangan aktivlar”ni qaytarishni boshladi. Bu haqda kompaniya vakillari Spot’ga ma’lum qildi.

Platforma mijozlarining barcha zararini o‘z mablag‘i hisobidan to‘liq qoplashga va’da berdi. Shu maqsadda 6,34 milliard dollardan ortiq aktiv zaxiraga ajratilgan. Uning 5 milliard dollari hujumchilar o‘g‘irlagan tokenlarning o‘zidan iborat.

Binance yetishmayotgan qismini to‘ldirish uchun hozir bozor va birjadan tashqari savdo kanallari orqali qolgan aktivlarni sotib olmoqda.

Ayrim tokenlarda likvidlik cheklangani sababli bu xaridlar biroz vaqt olishi mumkin. Platforma qo‘shimcha ma’lumotlar paydo bo‘lishi bilan jarayon haqida xabar berib borishini bildirdi.

Kompaniya 6,34 milliard dollarlik zaxiraga muzlatilgan aktivlar, mablag‘larni qaytarish jarayonida qo‘lga kiritilgan pullar yoki qo‘shimcha tekshiruv uchun ajratilgan mablag‘lar kiritilmaganini ta’kidladi. Hamkorlari ko‘magida Binance qariyb 3 milliard dollarni muzlatishga muvaffaq bo‘lgan.

“Kompaniya bu mablag‘larni qaytarish uchun hamkorlarimiz va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikni davom ettirmoqda”, — deyiladi bayonotda.

Binance “tasdiqlangan har qanday yetishmovchilik”ni qoplash uchun zaxiralaridan foydalanishini qo‘shimcha qildi. Foydalanuvchilarning barcha aktivlari xavfsizligi Proof of Reserves hisoboti orqali ochiq tarzda tasdiqlanadi.

Binance’ga kiberhujum 30 oktabr kuni Toshkent vaqti bilan taxminan soat 01:05 dan 01:25 gacha sodir bo‘lgan. Hujumchilar foydalanuvchilarning kriptohamyonlaridan qariyb 6,3 milliard dollarni yechib olgan, biroq birja va uning hamkorlari taxminan 3 milliard dollarni muzlatishga ulgurgan.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, hujumchilar Binance’ning DevOps muhandislaridan biriga tegishli kompyuter buzib kirilgani orqali tizimlarga kirish imkoniga ega bo‘lgan. Blokcheyn bo‘yicha ekspertlar hujum ortida Shimoliy Koreyaga aloqador xakerlar guruhi TraderTraitor turganini aytmoqda.

Materialning inglizcha versiyasi AI tarjima vositalari yordamida tayyorlangan va asl matndan biroz farq qilishi mumkin.

Izohlar

Read on AI News →