Central Asian Medical University asoschisi Nurillo Mamasodikov “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi

Prezident tibbiyot xodimlarining alohida yutuqlarini e’tirof etish uchun Abu Ali ibn Sino nomidagi mukofot ta’sis etishni taklif qildi.

Prezident tibbiyot xodimlarining alohida yutuqlarini e’tirof etish uchun Abu Ali ibn Sino nomidagi mukofot ta’sis etishni taklif qildi.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning xabar berishicha, Shavkat Mirziyoyev tibbiyot va farmatsevtika sohasi xodimlari bilan ularning kasb bayrami arafasida uchrashmoqda.

So‘nggi 10 yil davomida O‘zbekistonda 10 million kishiga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan yangi klinika va shifoxonalar ishga tushirildi. Tibbiyot sohasidagi islohotlar hamda xususiy sektorning roli kengaygani natijasida 58 mingta davolash o‘rni yaratildi. Tibbiy xizmatlar hajmi esa uch barobarga oshdi.

Bugun O‘zbekiston klinikalarida 100 dan ortiq turdagi tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Ular orasida murakkab miya operatsiyalari va organ ko‘chirib o‘tkazish amaliyotlari ham bor. Tibbiyot tizimini, jumladan, xususiy klinikalar va dorixonalardagi xizmatlarni raqamlashtirish ishlari ham davom etmoqda.

“Yaqin orada bu raqamli tizimni sun’iy intellekt imkoniyatlari bilan boyitamiz. Shunda u shifokorlar va hamshiralar uchun haqiqiy yordamchiga aylanadi”, — dedi Mirziyoyev.

O‘zbekiston farmatsevtika mahsulotlariga bo‘lgan ichki talabning 70 foizini mahalliy ishlab chiqarish hisobidan qoplashni maqsad qilgan. So‘nggi yillarda umumiy qiymati 1 milliard dollarga teng 330 ta yangi ishlab chiqarish korxonasi ishga tushirildi. Toshkent Biopharm City va to‘rtta farmatsevtika yo‘nalishidagi maxsus iqtisodiy zonada yana 1,2 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Prezident jamoat salomatligini muhofaza qilish, ilg‘or ilmiy yutuqlar va davolash usullarini joriy etishda namuna ko‘rsatgan tibbiyot xodimlarini taqdirlash uchun Abu Ali ibn Sino nomidagi maxsus davlat mukofotini ta’sis etishni taklif qildi.

Mirziyoyev bir guruh tibbiyot xodimlariga medal va ordenlarni ham topshirdi. Farg‘onadagi xususiy Central Asian Medical University asoschisi Nurillo Mamasodikov “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi.

AQShning Sent-Luis shahridagi universitet shifoxonasi ortopediya bo‘limi rahbari Joldas Kuljanov “Sog‘lom avlod uchun” ordenining I darajasi bilan mukofotlandi. Mazkur orden quyidagi mutaxassislarga ham topshirildi:

Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya markazi direktori Baxromxon Alyavi;

Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya markazi direktori Ulug‘bek Sobirov;

Respublika ruhiy salomatlik markazi direktori, O‘zbekiston psixiatrlar uyushmasi rahbari Zarifjon Ashurov.

Read on AI News →