Claude Duet — Anthropic kompaniyasining Meta Muse va OpenAI Dots’ga javobi
AQShdagi Anthropic obunachilari kompaniyaning yangi agentini sinab ko‘rish uchun kutish ro‘yxatiga yozilishlari mumkin.
AQShdagi Anthropic obunachilari kompaniyaning yangi agentini sinab ko‘rish uchun kutish ro‘yxatiga yozilishlari mumkin.
Anthropic bu yo‘nalishda biroz kechikdi, biroq kompaniya bugundan boshlab Meta Muse va OpenAI Dots kabi shaxsiy agentni taklif qilmoqda. Chorshanba kuni Anthropic yangi “tadqiqot” sinov versiyasi doirasida Claude Duet’ni e’lon qildi.
“Duet e’tiboringizni talab qilayotgan ishlarni o‘zi aniqlaydi, topshirgan vazifalaringizni bajaradi, siz qurilmadan uzoqlashganingizda ham ishlashda davom etadi va nomingizdan biror amal bajarishdan oldin siz bilan maslahatlashadi”, — deyiladi Anthropic bayonotida.
Hozircha yangi vositani sinab ko‘rish uchun kutish ro‘yxatiga yozilish kerak. U faqat AQShdagi Claude obunachilari uchun ochiq.
OpenAI singari, Anthropic ham Duet’ni faol ishlaydigan agent sifatida taqdim etmoqda. U har kuni ulangan ilovalaringizdagi ishlar asosida qisqa hisobot va bajarilishi kerak bo‘lgan vazifalar ro‘yxatini tayyorlaydi.
“Kundalik ma’muriy ishlar, masalan, uchrashuvlarni rejalashtirishdan tortib, o‘nlab vositalar yordamida boshqaruv panellarini yaratish, moliyaviy yoki savdo prognozlarini tayyorlash, prototiplar ishlab chiqish va veb-ilovalar yaratishgacha bo‘lgan turli vazifalarni unga topshirishingiz mumkin”, — deb yozadi kompaniya. Anthropic’ning va’dasiga ko‘ra, Duet faqat foydalanuvchi e’tiborini talab qiladigan holatlarda xabar yuboradi.
Duet Anthropic’ning Claude orqali taqdim etiladigan modellaridan biri — Opus 5.5’da ishlaydi. Shu bilan birga, kompaniya Duet’dan foydalanish uchun Android va iOS’ga mo‘ljallangan alohida ilovalarni ham chiqarmoqda.
Agent ishlashi uchun Claude oynasini doim ochiq qoldirish shart emas. U o‘zining virtual mashinasida mustaqil ishlaydi va topshiriqlarni fonda bajarishi mumkin.
Anthropic ma’lumotiga ko‘ra, agent umumiy foydalanishga chiqarilgach, oyiga 20 dollar turadigan Pro tarifiga obuna bo‘lgan foydalanuvchilar ham undan foydalana oladi. Bu jihat Duet’ni Dots’dan ajratib turadi: hozircha Dots faqat OpenAI’ning Pro tarifiga obuna bo‘lganlar uchun mavjud. Ushbu tariflar oyiga 100 dollardan boshlanadi.
Duet barcha boshqa Claude vositalari, jumladan Code bilan bir xil foydalanish limitidan foydalanadi. Bu esa yangi agent limitlarni tezda tugatib qo‘yishi mumkin degan xavotni uyg‘otadi. Biroq Anthropic bu masalani oldindan hisobga olayotganga o‘xshaydi.
“Duet ulangan akkauntlarni bir necha soatda bir marta tekshiradi. Chunki ularni uzluksiz tekshirish tarifingizdagi limitlarni ancha tez tugatib qo‘yadi. Hozircha agent qachon sizga xabar yuborishi kerakligini aniqlash qobiliyatini sinab ko‘ryapmiz. Sinov ishtirokchilarining fikrlari asosida bu tizimni takomillashtirib boramiz”, — deyiladi kompaniya xabarida.
Anthropic’ning qo‘shimcha qilishicha, foydalanuvchilar Duet’dan qanchalik tez-tez va qaysi mavzular bo‘yicha xabar olishni o‘zlari belgilay oladi.