Delever startapi AloqaVentures va Nexus Club’dan 380 ming dollar investitsiya oldi

Restoran va chakana savdo sohalari uchun yetkazib berishni boshqarish platformasi yettita bozorda faoliyatini kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Restoran va chakana savdo sohalari uchun yetkazib berishni boshqarish platformasi yettita bozorda faoliyatini kengaytirishni rejalashtirmoqda.

O‘zbekistonda tashkil etilgan Delever startapi investitsiya raundida 380 ming dollar jalb qildi. Bu haqda kompaniya asoschisi Faxriddin Yusupov Spot nashriga ma’lum qildi.

Restoran va chakana savdo korxonalariga buyurtmalar hamda yetkazib berishni boshqarish yechimlarini taklif qiluvchi platformaga venchur fond AloqaVentures 300 ming dollar, biznes farishtalar klubi Nexus Club esa 80 ming dollar kiritdi.

Bu AloqaVentures’ning Delever’ga kiritgan ikkinchi investitsiyasi bo‘ldi. Fond 2024-yilda kompaniyaga pre-seed bosqichida 100 ming dollar sarmoya kiritgan edi.

Yangi mablag‘ mahsulotni rivojlantirish, uning imkoniyatlarini kengaytirish va yangi bozorlarga chiqish uchun sarflanadi. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, hozir Delever’dan 1 400 dan ortiq restoran va chakana savdo shoxobchasi foydalanmoqda. Ularning aksariyati O‘zbekiston va Qozog‘istonda joylashgan.

Kompaniya saytida Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Gruziya, Meksika va Kiprdagi mijozlar ham ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, BAA, AQSh, Chexiya va Italiyada pilot loyihalar amalga oshirilmoqda.

AloqaVentures va Nexus Club hamkori Davron Parmonovning ta’kidlashicha, Delever dastlabki moliyalashtirish raundidan keyin qisqa vaqt ichida zararsizlik nuqtasiga chiqib, “yettita mamlakatda juda yaxshi o‘sish”ga erishgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, jamoa qo‘shimcha investitsiyadan “ushbu bozorlarni egallash va jadal miqyoslash” uchun foydalanishni rejalashtirmoqda.

“Yetkazib berish xizmatini taklif qiladigan restoranga bir-biriga ulanmagan o‘nlab servislar kerak emas — unga yagona tizim zarur. AloqaVentures’ning navbatdagi investitsiyasi biz uchun uning miqdoridan ham muhimroq: fond kompaniyani ichidan bilardi va yana sarmoya kiritishga qaror qildi. Mablag‘ni mahsulotni rivojlantirish va yangi bozorlarda o‘sish uchun ishlatamiz”, — dedi Faxriddin Yusupov.

Delever asoschisi 2024-yil iyul oyida Spot nashriga bergan intervyusida Qozog‘iston va boshqa MDH bozorlariga, shuningdek, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mamlakatlariga chiqish rejalari haqida gapirgandi. Kompaniya analitika imkoniyatlarini yaxshilash, yangi marketing vositalarini joriy etish va boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirishni ham rejalashtirgan.

Delever yetkazib berish asosida ishlaydigan bizneslar uchun xizmatlarni yagona tizimga birlashtiruvchi operatsion platformani taqdim etadi. U orqali turli savdo kanallaridan buyurtmalarni qabul qilish, aggregatorlar bilan integratsiya, savdo nuqtalarini boshqarish tizimlari, yetkazib berish va kuryerlar faoliyatini boshqarish mumkin.

Kompaniya Astana xalqaro moliya markazida ro‘yxatdan o‘tgan. Shuningdek, u IT Park Uzbekistan va Astana Hub rezidenti hisoblanadi.

Read on AI News →