Eski o‘zbek lotin yozuvidagi hujjatlar va peshlavhalar alifbo almashinuvi davrida ham amal qiladi
O‘zbekiston Senati o‘zbek tilini lotin yozuviga asoslangan alifboga o‘tkazish to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlarni ma’qulladi.
O‘zbekiston Senati o‘zbek tilini lotin yozuviga asoslangan alifboga o‘tkazish to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlarni ma’qulladi. Yangi qoidalar yangilangan alifboga bosqichma-bosqich o‘tishni nazarda tutadi.
Yangi qonun kuchga kirishidan oldin amaldagi alifboda rasmiylashtirilgan hujjatlar o‘z yuridik kuchini saqlab qoladi. Amaldagi alifbodan foydalanilgan holda chiqarilgan milliy valyuta va qimmatli qog‘ozlarning muomalada bo‘lishi ham cheklanmaydi.
O‘zgarishlar tashqi reklama va tadbirkorlik subyektlarining peshlavhalariga ham taalluqli bo‘ladi. Hozir peshlavhalarida O‘, G‘, Sh va Ch harflaridan foydalanayotgan do‘konlar hamda xizmat ko‘rsatish markazlariga ularni yozuvlar yaroqsiz holga kelguniga qadar yoki belgilangan muddat tugaguncha saqlab qolishga ruxsat beriladi.
Davlat organlari va tashkilotlari foydalanadigan ayrim belgilar, ramzlar hamda ko‘rsatkichlarga nisbatan ham xuddi shunday tartib qo‘llanadi.
Mazkur qoidalar yangi alifboga o‘tishni bosqichma-bosqich amalga oshirish va fuqarolar hamda tashkilotlarni mavjud hujjatlar, peshlavhalar va boshqa materiallarni darhol almashtirish zaruratidan xalos etishga qaratilgan.