Ganiga AI asosidagi oziq-ovqat chiqindilarini boshqarish texnologiyasini kengaytirish uchun €2,5 million jalb qildi
Italiyaning deeptech startapi Ganiga AI asosidagi chiqindilarni boshqarish texnologiyasini yanada rivojlantirish va tijoriy faoliyatini kengaytirish uchun…
Italiyaning deeptech startapi Ganiga AI asosidagi chiqindilarni boshqarish texnologiyasini yanada rivojlantirish va tijoriy faoliyatini kengaytirish uchun aksiyalarga investitsiya kiritish raundida €1,5 million jalb qildi. Raundga Ita... boshchilik qildi.
Piza provinsiyasida Nicolas Zeoli tomonidan tashkil etilgan Ganiga chiqindilarni boshqarishni yaxshilash va oziq-ovqat isrofini kamaytirish uchun sun’iy intellekt, kompyuter ko‘rishi hamda robototexnologiyalarni birlashtirgan yechimlarni ishlab chiqadi. Kompaniya dastlab chiqindilarni robotlar yordamida saralashga e’tibor qaratgan va ularni turiga qarab aniqlab, ajratadigan qurilmalarni yaratgan. Bugungacha Italiya, Yaponiya, Avstraliya va Yevropaning boshqa mamlakatlaridagi aeroportlar, savdo markazlari hamda yirik korxonalarda foydalanish uchun 300 dan ortiq qurilma sotilgan.
Ushbu qurilmalar ishlashi davomida to‘plangan ma’lumotlarga tayangan holda Ganiga oziq-ovqat chiqindilarini boshqarish yo‘nalishiga ham kirdi. Kompaniyaning HooolyFood nomli AI asosidagi tizimi umumiy ovqatlanish korxonalariga chiqindilarni kuzatish va kamaytirishda yordam beradi. Chiqindi konteynerlari ustiga o‘rnatiladigan kameralar tashlab yuborilgan oziq-ovqatni tarozidan foydalanmasdan aniqlaydi. Tizim yig‘adigan ma’lumotlar korxonalarga samarasiz jarayonlarni topish, xaridlar va menyuni yaxshiroq rejalashtirish hamda xarajatlarni nazorat qilish imkonini beradi. Bir yildan kamroq vaqt ichida ishlab chiqilgan ushbu texnologiya hozirning o‘zida kuniga 30 mingdan ortiq taom tayyorlanadigan obyektlarda ishlatilmoqda.
Kompaniyaning o‘ziga tegishli ma’lumotlar platformasi qurilmalardan keladigan axborotni yagona panelga jamlaydi. U chiqindi hosil bo‘lishidagi tendensiyalarni tahlil qiladi, xarajatlarni hisoblaydi va konteynerlarning to‘lish darajasini kuzatib boradi. Ganiga texnologiyani avtomatlashtirilgan masalliq buyurtmalari va menyu rejalashtirishga ham tatbiq etmoqda. Bundan tashqari, kompaniya mavjud konteynerlarga o‘rnatiladigan va maishiy hamda boshqa chiqindi oqimlarini kuzatadigan sensorlarni ishlab chiqmoqda.
Bu ishlanmalar Yevropa Ittifoqi 2030-yilgacha oziq-ovqat isrofini kamaytirish bo‘yicha majburiy maqsadlarni joriy etayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda. Eurostat ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda YI mamlakatlarida qariyb 58 million tonna oziq-ovqat chiqindisi hosil bo‘lgan. Bu umumiy ovqatlanish sohasi, jumladan, turli tarmoqlarda chiqindilarni yanada samarali boshqarish zarurligini ko‘rsatadi.
Ganiga asoschisi va bosh direktori Nicolas Zeoli jalb qilingan investitsiya tijoriy obyektlarda allaqachon ishlayotgan texnologiyani kengaytirishga yordam berishini aytdi. U quyidagilarni ta’kidladi:
“Masalan, oshxona qaysi taomlar nima sababdan ko‘proq tashlab yuborilayotganini bilsa, xaridlar, menyu va xizmat ko‘rsatishni yaxshilash uchun aniq ma’lumotga ega bo‘ladi. Yangi YI direktivasi oziq-ovqat isrofini kamaytirishni majburiy maqsadga aylantirmoqda. O‘lchamagan narsani kamaytirib bo‘lmaydi.”
Yangi mablag‘ hisobidan Ganiga texnik va tijoriy jamoalarini kengaytirish, HooolyFood hamda ma’lumotlar platformasini yanada rivojlantirish va takroriy daromadlarni oshirishni rejalashtirmoqda. Dastlab kompaniya Vivenda bilan hamkorlikda shartnoma asosidagi umumiy ovqatlanish xizmatlari bozorida kengayadi. Keyinchalik esa tadbirlar uchun catering, mehmonxonalar va oziq-ovqat xizmati ko‘rsatiladigan boshqa obyektlarga e’tibor qaratadi.