Google Pay O‘zbekistonda ishga tushiriladi

Google Cloud vakili Marsin Krasuski bu haqda 19-oktabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan panel sessiyasida ma’lum qildi.

Google Cloud vakili Marsin Krasuski bu haqda 19-oktabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan panel sessiyasida ma’lum qildi.

Google o‘zining Google Pay to‘lov xizmatini O‘zbekistonda ishga tushirmoqda. Bu haqda 19-oktabr kuni Google Cloud kompaniyasining Markaziy va Sharqiy Yevropa bo‘yicha davlat masalalari hamda davlat siyosati direktori Marsin Krasuski ma’lum qildi. Uning bayonoti videosi Raqamli texnologiyalar vazirligining Telegram-kanalida e’lon qilindi.

“Bugun Google o‘zining GPay — Google Pay xizmatini O‘zbekistonda ishga tushirayotganini mamnuniyat bilan e’lon qilaman”, — dedi u.

Bu haqdagi bayonot Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh ishtirokidagi C5+1 tadbirlari doirasida Samarqandda o‘tkazilgan raqamli texnologiyalar bo‘yicha panel sessiyasida yangradi. Unda hukumat vakillari va yirik kompaniyalar mutasaddilari qatnashmoqda.

Iyul oyi oxirida Markaziy bankning To‘lov tizimlarini rivojlantirish departamenti rahbari Jamshid Usmonov Spot’ga Apple Pay va Google Pay yaqin oylar ichida O‘zbekistonda ishga tushishi mumkinligini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlardan so‘ng Markaziy bank Apple va Google kompaniyalari, tijorat banklari hamda milliy to‘lov tizimlari — Humo va Uzcard bilan muzokaralarni boshlagan. Texnik integratsiya ishlari ham yo‘lga qo‘yilgan.

Usmonov, shuningdek, banklar kartalarni tokenizatsiya qilish ustida ishlayotganini bildirgan. Regulyator foydalanuvchilar xizmatlarga nafaqat Visa va Mastercard kartalarini, balki milliy Humo va Uzcard to‘lov tizimlari orqali chiqarilgan kartalarni ham qo‘sha olishini ta’minlashni rejalashtirmoqda.

26-mart kuni prezident O‘zbekistondagi barcha shaxsiy ma’lumotlarni mamlakat hududidagi serverlarda saqlash talabini bekor qiluvchi qonunni imzoladi. Biometrik va genetik ma’lumotlar, shuningdek, telekommunikatsiya abonentlariga oid ma’lumotlar uchun bu talab saqlanib qolgan. Qolgan shaxsiy ma’lumotlar belgilangan shartlarga rioya qilingan holda xorijda qayta ishlanishi mumkin.

Ushbu materialning inglizcha versiyasi AI tarjima vositalari yordamida tayyorlangan va asl matndan biroz farq qilishi mumkin.

Izohlar

Telegram-kanalga obuna bo‘ling

So‘nggi yangiliklar

Saida Mirziyoyeva energetika sohasi investorlar kengashiga rahbarlik qiladi

Read on AI News →