“Hatto yaqin ham emas”: Zafar Hoshimov milliarder hisoblanadimi?
Hoshimovning aytishicha, uning milliarder yoki milliarder emasligini aniqlash uchun kompaniyaga xolis baho berish kerak.
Hoshimovning aytishicha, uning milliarder yoki milliarder emasligini aniqlash uchun kompaniyaga xolis baho berish kerak. Biroq hozircha kompaniya qiymatini belgilashning aniq mezoni yo‘q.
Anglesey Food (Korzinka) kuzatuv kengashi raisi Zafar Hoshimov Lolazor podkastining navbatdagi sonida milliarder ekani haqidagi savolga javob berdi.
Suhbat davomida Muhrim A’zamxo‘jayev Hoshimovdan: “Siz milliarder misiz?” deb so‘radi. Xushnudbek Xudoyberdiyev esa savolga aniqlik kiritib, gap dollar milliarderi haqida ketayotganini aytdi.
Hoshimov bunday xulosaga kelish uchun kompaniya qiymatini xolisona baholash zarurligini, ammo hozir buning uchun aniq mezon mavjud emasligini ta’kidladi.
“Bitta narsani aytaman: shaxsan men — mutlaqo yo‘q, hatto yaqin ham emasman. Rostini aytsam. Masalan, buning uchun avvalo kompaniya qiymati xolisona baholanishi kerak. Hozir esa bunday imkoniyat yo‘q”, — dedi u.
Tadbirkor bu qiziq savol ekanini tan oldi. Biroq kompaniyaning bozordagi qiymati uning kundalik faoliyatiga ta’sir qilmasligini, o‘zi esa biznesining odatiy ishlariga e’tibor qaratishda davom etayotganini aytdi.
Hoshimov o‘z fikrini amerikalik tadbirkor va Walmart asoschisi Sam Walton misolida tushuntirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Walton kompaniya aksiyalarini ommaviy savdoga chiqarganidan keyin undan boyligi nega milliardlab dollarga baholanayotgani haqida ham so‘rashgan. Walton esa bu raqamlar qog‘ozdagi mablag‘ni anglatishini, aslida buxgalterlar yaratgan mavhum hisob-kitob ekanini ta’kidlagan.
Korzinka asoschisi o‘z boyligi haqidagi savolga ham xuddi shunday qarashini bildirdi. U uchun biznesi va uning faoliyati muhimroq ekanini aytdi.
“Men juda yaxshi rivojlanayotgan, o‘zim faxrlanadigan kompaniyaning aksiyadoriman. Men uchun faxr manbai ham shu. Men bu ishni yaxshi ko‘raman”, — deya xulosa qildi Hoshimov.
Materialning inglizcha varianti AI tarjima vositalari yordamida tayyorlangan va asl matndan biroz farq qilishi mumkin.
Izohlar