Hindistonning Pocket FM platformasi AI yordamida audio kontentning 93 foizini yaratib, yillik daromad sur’atini $500 millionga yetkazdi
Pocket FM sun’iy intellektdan foydalanish hisobiga yangi kontentining 99 foizini yaratmoqda.
Pocket FM sun’iy intellektdan foydalanish hisobiga yangi kontentining 99 foizini yaratmoqda. Bu ishlab chiqarish xarajatlarini qariyb 80 baravarga kamaytirgan.
Hindistonning audio hikoyalar platformasi Pocket FM so‘nggi bir yil ichida yillik daromad sur’atini ikki baravar oshirib, $500 millionga yetkazdi. Bunga kompaniyaning kontent yaratishda sun’iy intellektdan tobora faol foydalanayotgani yordam bermoqda.
Kompaniya hammuassisi va bosh direktori Rohan Nayak TechCrunch nashriga bergan intervyusida Pocket FM katalogidagi kontentning 93 foizi hozir AI yordamida yaratilishini aytdi. Yangi kontentning esa 99 foizi sun’iy intellektdan foydalanib tayyorlanmoqda.
Bu o‘zgarish generativ AI kontent ishlab chiqarish sohasiga tobora chuqurroq kirib kelayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda. Biroq 2018-yilda serial tarzidagi audio hikoyalar platformasi sifatida ish boshlagan Pocket FM g‘oya va syujetlarni yaratishda hanuz inson ijodkorlariga tayanadi. AI esa shu g‘oyalarni katta miqyosda tayyor kontentga aylantirish uchun ishlatiladi.
“Biz 100 yil yashaydigan kuchli intellektual mulk obyektlarini yaratmoqchimiz. Buning uchun esa inson omili zarur”, — dedi Nayak TechCrunch’ga.
Pocket FM’ning hozirgi yondashuvi kontentni to‘liq mustaqil yaratadigan AI tizimini qurishdan ko‘ra, ijodiy jarayon atrofida sun’iy intellekt vositalarini shakllantirishga qaratilgan. Kompaniyaning AI yo‘nalishi rahbari, avval Meta va Tesla’da ishlagan olim Vasu Sharma TechCrunch’ga bergan intervyusida startap ijodiy yozuv va matnni ovozga aylantirish kabi vazifalar uchun o‘z modellarini o‘qitganini aytdi. Bu modellar ko‘p yillik ishlab chiqarish ma’lumotlari hamda tinglovchilarning hikoyalarga qanday munosabat bildirishi haqidagi signallardan foydalanadi.
Pocket FM’ning AI’ga o‘tishida iqtisodiy omillar muhim rol o‘ynagan. Nayakning aytishicha, bu texnologiya kontent ishlab chiqarishni qariyb 80 baravarga arzonlashtirgan. Ilgari 100 soatlik kontentni tayyorlash uchun taxminan bir yil kerak bo‘lgan bo‘lsa, hozir bunday hajmni bir kunda yaratish mumkin.
AI’dan foydalanish Pocket FM ishlab chiqarayotgan kontent hajmining sezilarli darajada oshishiga ham olib keldi. Nayakning so‘zlariga ko‘ra, platformadagi 550 mingdan ortiq ijodkor yiliga qariyb 2,5 million soatlik AI yordamida yaratilgan kontent tayyorlamoqda. Ikki yil avval esa startapning butun katalogi atigi 100 ming soatlik kontentdan iborat edi. Hozir platformada 770 mingdan ortiq audio serial jamlangan.
Nayakning aytishicha, kontent hajmining ko‘payishi Pocket FM’ga tinglovchilarni saqlab qolish ko‘rsatkichini yaxshilashga yordam bergan. Platformaning 12 oylik daromadni saqlab qolish darajasi ikki yil avvalgi 44 foizdan 76 foizgacha oshgan. Nayak buni qisman tinglovchilarning turli didiga mos keladigan hikoyalar soni ko‘paygani bilan izohladi.
Pocket FM’ning yillik daromad sur’ati bir yil avval taxminan $250 million edi. Bu ko‘rsatkich aprel oyida $430 millionga, hozir esa $500 millionga yetdi. Nayak tushuntirishicha, startap bu raqamni shartnoma asosidagi takrorlanuvchi daromad orqali emas, oylik daromadni 12 ga ko‘paytirish yo‘li bilan hisoblaydi.
O‘sish Pocket FM kontent ishlab chiqarishda AI’dan foydalanishni kengaytirgan, Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiya kabi bozorlarga kirgan hamda AQShda foydalanuvchilar yaratadigan kontentni ishga tushirgan davrga to‘g‘ri keldi.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, Pocket FM platformasidagi 96 ta loyiha hozirgacha alohida-alohida $1 milliondan ortiq daromad keltirgan. Shulardan 13 tasi $10 millionlik marradan oshgan.