inDrive 2027-yilda Markaziy Osiyoda Pony.ai va Nvidia bilan robotaksi sinovlarini boshlamoqchi
inDrive 2027-yilning birinchi yarmida Qozog‘iston poytaxtida Pony.ai robotaksilarini sinovdan o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
inDrive 2027-yilning birinchi yarmida Qozog‘iston poytaxtida Pony.ai robotaksilarini sinovdan o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Yo‘lovchi va haydovchilarga yo‘l haqini o‘zaro kelishish imkonini berishi bilan tanilgan inDrive servis kompaniyasi Xitoyning avtonom haydash texnologiyalarini ishlab chiquvchi Pony.ai hamda Nvidia bilan hamkorlikda 2027-yilda Qozog‘istonda robotaksilarni sinovdan o‘tkazishga hozirlik ko‘rmoqda.
Kompaniyalar juma kuni Pony.ai robotaksilarini inDrive platformasiga olib kirish imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha anglashuv memorandumini imzolaganini ma’lum qildi. Bu kelishuv o‘zini o‘zi boshqaradigan avtomobillarga qiziqish AQSh va Xitoydan tashqarida ham ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Sinovlar 2027-yilning birinchi yarmida Qozog‘iston poytaxti Astanada boshlanadi. Bu haqda inDrive texnologiyalar bo‘yicha direktori Yuriy Misnik TechCrunch nashriga aytdi. Dastlab avtomobilda xavfsizlik operatori bo‘ladi, keyingi maqsad esa haydovchisiz qatnovlarni yo‘lga qo‘yishdan iborat.
Rejaga ko‘ra, Pony.ai o‘zining Gen-7 robotaksilarini taqdim etadi. inDrive esa bu avtomobillarni o‘zining yo‘lovchi tashish ilovasi orqali taklif qiladi va Qozog‘istonda ularning ishlashini tashkil etadi. Nvidia, o‘z navbatida, Hyperion platformasi va Halos xavfsizlik tizimini o‘z ichiga olgan AI texnologiyalarini yetkazib beradi.
Bu kelishuv yo‘lovchi tashish kompaniyalari robotaksi yo‘nalishini faol rivojlantirayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda. Shu oy boshida Uber Pony.ai robotaksilarini Londonda sinovdan o‘tkazish rejalarini e’lon qilgan edi. Kompaniya u yerda britaniyalik Wayve startapi bilan ham hamkorlik qilib, operator nazorati ostidagi avtonom qatnovlarni yo‘lga qo‘ya boshladi. Uber boshqa bozorlarda, jumladan Yaqin Sharqda ham bir nechta robotaksi kompaniyasi bilan ishlamoqda.
O‘z biznesini hamyonbop qatnovlar asosiga qurgan inDrive Uber va boshqa raqiblar allaqachon qadam qo‘yayotgan bu bozorda avtonom transport xizmatlarini ham shu tamoyil asosida rivojlantirmoqchi.
“Bizning yondashuvimiz ataylab kam kapital talab qiladigan modelga qurilgan, — dedi Misnik. — Turli bozorlarda bir qator hamkorlar bilan ishlaymiz. Ularning tajribasini o‘z imkoniyatlarimiz bilan birlashtirib, mijozlarga yanada yaxshi xizmat ko‘rsatishga intilamiz.”
Nvidia ma’lumotiga ko‘ra, Hyperion platformasi kompaniyalarga robotaksi yaratish xarajatlarini kamaytirishga yordam beradi. Chunki ular sensorlar va hisoblash texnologiyalarining tayyor majmuasidan foydalanishi, barcha tizimlarni noldan ishlab chiqib, o‘zaro moslashtirishi shart bo‘lmaydi. Kompaniya, shuningdek, Alpamayo modeli hamda turli yo‘l va harakatlanish sharoitlarini sun’iy ma’lumotlar yordamida yaratish, avtonom haydash tizimlarini sinash uchun vositalarni ham taklif etadi.
“Bunday tejamkorlik rivojlanayotgan bozorlarda ayniqsa muhim. Chunki u yerda yo‘lovchi tashish xizmatlari allaqachon nisbatan arzon va avtonom xizmatlar narx bo‘yicha raqobat qilishi kerak”, — dedi Nvidia’ning avtomobil yo‘nalishi bo‘yicha vitse-prezidenti Ali Kani TechCrunch nashriga.
Mazkur e’lon Nvidia bosh direktori Jensen Huangning juma kuni Qozog‘istonga qilgan ilk tashrifi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi.
Qozog‘istondagi loyiha Pony.ai kompaniyasining Xitoydan tashqarida faoliyatini kengaytirish rejasiga ham mos keladi. Kompaniya 2026-yil oxirigacha dunyoning 20 dan ortiq shahrida 3 500 dan ko‘proq robotaksi ishlashini maqsad qilgan. Iyun oxirida uning robotaksilari parki 1 975 ta avtomobildan iborat edi.