Ish joyida AI’dan foydalanmaslik uchun diniy imtiyoz olishga xudojo‘y bo‘lish shart emas

Kentukki universiteti ma’muri David Durman yaqinda ish joyida AI’dan foydalanmaslik huquqini beruvchi diniy imtiyozga ega bo‘ldi.

Kentukki universiteti ma’muri David Durman yaqinda ish joyida AI’dan foydalanmaslik huquqini beruvchi diniy imtiyozga ega bo‘ldi.

Rim papasi Leo XIV AI’ni inson qadr-qimmatiga tahdid deb atagan. Biroq AI e’tiqodiga qanchalik mos kelishi haqida faqat dindorlar emas, boshqalar ham xavotirda. Masalan, ateistik qarashlarga ega Humanist David Durman yaqinda ish joyida AI’dan foydalanmaslik uchun diniy imtiyoz oldi.

“Humanizm — inson tajribasi va odamlarning dunyo bilan qanday munosabatda bo‘lishi haqidagi qarashlar majmuasi”, — dedi Kentukki universiteti ma’muri Durman TechCrunch’ga. Uning markazida “shaxs va jamiyat miqyosida inson farovonligi hamda kamol topishi turadi. Humanizm insonni nafaqat o‘zining, balki atrofidagilarning ham farovonligi va rivojiga hissa qo‘shishga undaydi”.

AI kundalik hayotda tobora keng tarqalayotganini ko‘rgan Durman dunyoviy humanizmni targ‘ib qiluvchi notijorat tashkilot — American Humanist Association (AHA)ga murojaat qildi. U ishda AI’dan foydalanishga majburlanmaslik uchun qonuniy himoyaga qanday ega bo‘lish mumkinligini o‘rganmoqchi edi. Durmanning fikricha, bu texnologiyadan foydalanish uning e’tiqodiga zid.

“Biz o‘zimiz va boshqalar oldida axloqiy mas’uliyatli inson bo‘lishni aqlimizni faol ishga solish orqali o‘rganamiz. AI’dan foydalanish esa bu jarayonni susaytiradi. Natijada to‘g‘ri va axloqiy qarorlar qabul qilish qobiliyatimizga salbiy ta’sir ko‘rsatishi muqarrar”, — dedi u. Durman AI’ga haddan tashqari tayanish tanqidiy fikrlashga qanday ta’sir qilishi mumkinligi haqida gapirdi.

AHA shu hafta boshida e’lon qilgan bayonotida Durman shunday deb yozdi: “AI odamlarning tirikchilik qilish imkoniyatiga xalaqit bermoqda, uning atrof-muhitga yetkazayotgan zarari insoniyat va sayyoramiz uchun halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, inson ijodini siqib chiqarishi va o‘zlashtirishi san’at hamda adabiyot kabi jamiyat ravnaqini ta’minlaydigan madaniy sohalarga tahdid solmoqda”.

Humanizm dinga qarshi emas. Biroq u xudo yoki boshqa g‘ayritabiiy kuch borligiga shubha bilan qaraydigan, shu bilan birga hayotini ilmiy va axloqiy tamoyillar asosida qurishni istaydigan insonlarga ko‘proq ma’qul keladi.

“AI va inson qadr-qimmati borasidagi xavotirlar katolik ta’limoti, Universalizm yoki Humanizm kabi turli e’tiqod va an’analarda uchrashi mumkin. Biz Humanistlar va ateistlar ham shu toifaga kirishini, ular ish joyida qonun bilan himoyalanishini bilishini istaymiz”, — dedi AHA xodim yuristi Alexandria Huiskens TechCrunch’ga.

Durman ish joyida AI’dan foydalanmaslik imkonini beruvchi sharoitlarni qo‘lga kiritgan birinchi Humanist bo‘ldi. U, shuningdek, bunday himoyaga erishishga bo‘lgan urinishlari haqida omma oldida gapirgan ilk insonlardan biridir. Unga bu yo‘lda Unitarian Universalist va dasturiy ta’minot muhandisi Erin Mausning o‘ziga shunday huquqni ta’minlagani haqidagi xabar turtki berdi.

“Men uchun bu o‘zim va e’tiqodim masalasi edi. Men, albatta, odamlarga qanday fikrlash yoki nimani his qilishni buyurmoqchi emasman. Ammo shunday xavotirlari bor insonlar men kabi albatta diniy imtiyoz so‘rashi shart emasligini, o‘z tashvishlarini imkon qadar va o‘zlari eng to‘g‘ri deb bilgan yo‘l bilan hal qilishga intilishi mumkinligini anglab yetsa, bundan xursand bo‘laman”, — dedi Durman.

Kentukki universiteti vakili Jay Blanton TechCrunch’ga ma’lum qilishicha, ta’lim muassasasi diniy sabablarga ko‘ra beriladigan imtiyozlar haqidagi arizalarni har bir holat bo‘yicha alohida ko‘rib chiqadi. Bunda xodimning vazifalari va so‘rovning sharoitlari hisobga olinadi.

“Bu holatda universitet xodim o‘z lavozimining asosiy vazifalarini bajarishda davom etishi uchun tegishli sharoit yaratish mumkin, degan xulosaga keldi”, — deyiladi Blanton bayonotida. “Texnologiyalar va lavozimga qo‘yiladigan talablar o‘zgarib borar ekan, bunday sharoitlar hamon oqilona va amalda bajariladigan bo‘lib qolayotganini tekshirish uchun qayta ko‘rib chiqilishi mumkin”.

Read on AI News →