Maktablar o‘quvchi kompyuterlarida AI’ni bloklasa, endi Google qidiruvidan ham foydalana olmaydi
“Biznes nuqtayi nazaridan qaraganda, ular odamlarni AI’dan foydalanishga majburlash uchun imkon qadar bosimni kuchaytiryapti, shekilli.
“Biznes nuqtayi nazaridan qaraganda, ular odamlarni AI’dan foydalanishga majburlash uchun imkon qadar bosimni kuchaytiryapti, shekilli. Ammo ta’lim nuqtayi nazaridan buning nima keragi bor?” — dedi edtech sohasi tanqidchilaridan biri.
Google’ning maktablar AI vositalaridan qanday foydalanishi haqidagi yangilangan siyosati ta’lim texnologiyalari mutaxassislarida bu qarorning asl maqsadi haqida savollar uyg‘otdi.
Kompaniya seshanba kuni o‘quvchilar foydalanadigan dasturlaridagi AI vositalarini o‘chirib qo‘yish rejasini e’lon qildi. Biroq maktab ma’muriyati xohlasa, bu cheklovni bekor qilishi mumkin. Google’ning aytishicha, o‘zgarishlar K-12 tizimidagi sinflarga o‘quvchilarning AI’dan qanday foydalanishini ko‘proq nazorat qilish imkonini beradi.
Ammo maktab AI’dan foydalanishni to‘liq cheklasa, o‘quvchilar Google Search xizmatidan ham foydalana olmaydi.
Google ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan izohga ko‘ra, kelasi yil boshida joriy etiladigan bu o‘zgarish maktablarga “kamroq emas, ko‘proq tanlov” berishi kerak. Ya’ni ma’murlar Gemini, Gemini Notebook va Search xizmatlarini yoqish yoki o‘chirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Biroq Google Search ichiga AI Mode va AI Overview funksiyalari o‘rnatilgan va ularni alohida o‘chirib bo‘lmaydi. Shu sababli AI’ni taqiqlagan maktablar o‘quvchilarga Search’dan foydalanishga ruxsat bera olmaydi.
Nyu-York meri Zohran Mamdani ham Google Search’ning AI vositalari bilan ajralmas tarzda birlashtirilganini tanqid qilgan siyosatchilar va siyosat bo‘yicha mutaxassislar qatoridan joy oldi. U davlat maktablarida sakkizinchi sinfgacha generativ AI’dan foydalanishga bir yillik moratoriy joriy qilgan. Tanqidchilarning fikricha, Google o‘z monopol mavqeidan foydalanib, AI funksiyalarini majburan joriy etishga urinmoqda.
“Google o‘z monopol kuchidan foydalanib, AI’ni davlat maktablarimizga tiqishtirmoqchi”, — deb yozdi u chorshanba kuni ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida. “Farzandlarimizni qanday o‘qitishni hech bir korporatsiya belgilamasligi kerak. Davlat maktablari Big Tech kompaniyalarining foyda marjasini oshirish uchun emas, o‘quvchilarga xizmat qilish uchun mavjud.”
Sinfxonalarda texnologiyalardan foydalanishni o‘rganuvchi mutaxassislar esa bu qarorga biroz boshqacha munosabat bildirdi. Ularning fikricha, AI’ga boyitilgan Google Search aslida kompaniyaning uni ta’limda qo‘llash maqsadiga zarar yetkazishi mumkin.
“Menimcha, biznes nuqtayi nazaridan ular odamlarni AI’dan foydalanishga majburlash uchun bor imkoniyatini ishga solyapti”, — dedi nevroolim va sobiq o‘qituvchi Jared Cooney Horvath Fortune nashriga. “Ammo sof ta’lim nuqtayi nazaridan qaraganda, buning nima keragi bor?”
Google’ning AI’li qidiruvi qanday kutilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkin?
AQSh maktablari o‘quvchilarni noutbuklar bilan ta’minlash uchun 2024 yilgacha 30 milliard dollardan ortiq mablag‘ sarflagan. Bu qurilmalar orasida Google’ning Chromebook’lari eng keng tarqalganlaridan biri hisoblanadi. 2017 yilga kelib, arzon narxdagi ushbu kompyuterlar sinfxonalarga yuborilgan barcha raqamli qurilmalarning yarmidan ko‘pini tashkil qilgan. Chromebook’lardan foydalanadigan sinflar sonining ortishi Google uchun ham foydali bo‘ldi: 2025 yil holatiga ko‘ra, ta’lim sohasi 14 milliard dollarlik Chromebook jahon bozorining 60 foizini egallagan.
Kompaniyaning 2020 yil noyabridagi ichki taqdimotida o‘quvchilarni Google interfeysi bilan tanishtirish kelajakdagi mijozlarni shakllantirishi aytilgan: “Siz bu sodiqlikni erta, ehtimol umrbod shakllantirasiz.” O‘sha paytda Google vakili hujjatlar kompaniyaning ishini “noto‘g‘ri talqin qilganini” bildirgan.