Meta kiyimlarni virtual tarzda kiyib ko‘rish imkonini beruvchi AI ilovasini jimgina ishga tushirdi
Meta Indoneziya, Singapur va Tailandda Style Sketch nomli AI moda ilovasini ishga tushirdi.
Meta Indoneziya, Singapur va Tailandda Style Sketch nomli AI moda ilovasini ishga tushirdi.
Hozircha ilova Osiyoning ayrim hududlarida cheklangan tarzda taqdim etilmoqda.
Meta yana foydalanish imkoniyati juda tor bo‘lgan AI ilovasini chiqardi. Bir necha hafta avval kompaniya Filippinda Waddle World o‘yinini ishga tushirgandi. Meta uni “uy hayvoni ko‘rinishiga yashirilgan kundalik jurnal” deb ta’riflaydi. Endi esa Android va iOS uchun Indoneziya, Singapur hamda Tailandda Style Sketch nomli AI moda ilovasi paydo bo‘ldi.
Ilova mavjudligi haqida birinchi bo‘lib ijtimoiy tarmoqlar bo‘yicha maslahatchi Matt Navarra X tarmog‘ida xabar berdi. Style Sketch Facebook va Instagram akkauntlariga ulanib, ijtimoiy tarmoqlarda ulashgan suratlaringiz asosida virtual garderob yaratishi mumkin. Agar akkauntlarni bog‘lashni istamasangiz, telefon galereyasidagi tayyor suratlarni yuklashingiz yoki kiyimlaringizni yangi suratga olishingiz mumkin.
Shundan so‘ng ilova garderobingizdagi kiyimlardan turli obrazlar tuzishni taklif qiladi. Shuningdek, tana tuzilishi va teri rangiga mos virtual modelda kiyimlarning turli kombinatsiyalarini ko‘rib ko‘rishingiz mumkin. Tavsiyalar olish uchun garderobingizdagi istalgan kiyimni tanlab, obrazni shu kiyim atrofida tuzishni so‘rashingiz mumkin. Bundan tashqari, kun davomida ob-havo qanday bo‘lishini kiritish yoki safaringiz uchun kiyim-kechak rejasini tuzishni so‘rash ham mumkin.
TechCrunch qayd etishicha, Meta rahbari Mark Zuckerberg joriy yil boshida kompaniya bundan buyon ko‘proq ilovalar chiqarishini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AI ilovalarni ishlab chiqishni ancha osonlashtirgan. Bunday ilovalar kompaniyaga ko‘proq odamni o‘z AI tizimlaridan foydalanishga va ularni o‘qitishga jalb qilishda ham yordam beradi.
Biroq AI asosidagi moda ilovasi yoki funksiyasini chiqargan birinchi kompaniya Meta emas. Google’ning AI Search xizmati 2025-yildan beri kiyimlarni virtual tarzda kiyib ko‘rish imkonini beradi. Joriy yil boshida esa Google Photos ilovasiga “Wardrobe” funksiyasi qo‘shildi. U telefon galereyasini skanerlab, foydalanuvchining kiyimlari katalogini yaratadi.
Yaqinda OpenAI ham ChatGPT uchun yangi funksiya taqdim etdi. Unga foydalanuvchi o‘z suratini va kiyib ko‘rmoqchi bo‘lgan kiyim rasmlarini yuklashi, so‘ng bu kiyimlar o‘zida qanday ko‘rinishini ko‘rishi mumkin.