Meta kontentni yig‘ish borasidagi xavotirlar sabab bahsli yangi biznes shartlarini joriy etishni kechiktirmoqda

Meta biznes akkauntlaridagi kontentdan AI’ni o‘qitish uchun foydalanish imkonini beradigan yangi biznes shartlari sabab tanqidga uchragan edi.

Meta biznes akkauntlaridagi kontentdan AI’ni o‘qitish uchun foydalanish imkonini beradigan yangi biznes shartlari sabab tanqidga uchragan edi.

Yangi shartlar 30-oktabrdan kuchga kirishi kerak edi.

Poetra.RH/Shutterstock

Biroq Meta’ning bahsli yangi tijoriy foydalanish shartlari 30-oktabrdan kuchga kirmaydi. Kompaniya vakili Reuters va Fast Company nashrlariga yuborgan elektron xatida yangilangan Commercial Terms va Self-Serve Ad Terms hujjatlarining kuchga kirish sanasi 20-noyabrga ko‘chirilganini bildirdi. Unga ko‘ra, bu qaror hamkorlar va manfaatdor tomonlarga nimalar o‘zgarayotgani, nimalar esa o‘zgarishsiz qolayotganini tushuntirish uchun qo‘shimcha vaqt berish maqsadida qabul qilingan.

Avvalroq kompaniya shartlarga kiritilishi rejalashtirilgan o‘zgarishlarni e’lon qilgan edi. Unda Meta platformadagi biznes akkauntlariga aloqador domenlar, veb-sahifalar yoki URL manzillar, shuningdek, ular orqali ochiladigan har qanday kontentga “kirish, uni indekslash, keshlash, tahlil qilish, yig‘ish, olish yoki skanerlash” uchun veb-skreperlar va avtomatlashtirilgan vositalardan foydalanish huquqiga ega bo‘lishi aytilgandi.

Yangilangan shartlarga ko‘ra, Meta bunday domenlar, veb-sahifalar yoki URL manzillardan olingan istalgan kontentdan Meta kompaniyasining mahsulotlari, xizmatlari va funksiyalarini taqdim etish, ishlab chiqish, takomillashtirish, tadqiq qilish, o‘qitish hamda ularning yaxlitligini saqlash uchun foydalanishi mumkin edi.

Nashriyotlar va boshqa kompaniyalar xavotir bildirganidan so‘ng, Meta hujjatdagi AI’ni o‘qitishga oid jumlani olib tashladi. Shundan keyin yangi shartlardan ta’sirlanishi mumkin bo‘lgan tashkilotlar antimonopoliya idoralariga shikoyat yo‘lladi.

AQSh va Kanadadagi minglab axborot tashkilotlarini birlashtiruvchi News Media Alliance ham Meta’ga ochiq xat yuborib, kompaniyadan qayta ko‘rib chiqilgan foydalanish shartlarini 30-oktabrgacha bekor qilishni talab qildi.

“Tazyiq ostida va hech qanday tovon olmagan holda yangiliklar nashriyotlari o‘zlari yaratgan qimmatli jurnalistik materiallarni ularga o‘quvchilar va reklama beruvchilar uchun raqobatchi bo‘lishi mumkin bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqishda ishlatishga berishga majbur bo‘ladi”, — deyiladi tashkilot xatida.

Meta bayonotida hamkorlariga veb-kraulerlardan qanday foydalanishini tushuntirishini aytdi. Shuningdek, kontent egalari va nashriyotlar robots.txt faylidan foydalanishi mumkinligini aniq ko‘rsatib berishini bildirdi.

Oddiy matn formatidagi ushbu fayl kontent egalarining kraulerlar va AI botlariga bo‘lgan istaklarini bildirishi, shuningdek, ularning kontentni indekslashiga yo‘l qo‘ymasligi mumkin. Biroq Reuters avvalroq bir nechta AI kompaniyalarining kraulerlari robots.txt ko‘rsatmalarini muntazam ravishda e’tiborsiz qoldirishini xabar qilgan edi.

Read on AI News →