Meta o‘zining ilk ilg‘or modeli — Muse Wonder’ni chiqardi
Meta’ning Superintelligence Lab laboratoriyasi dushanba kuni ikkita yangi, zamonaviy model — Muse Wonder va Muse Wonder Full’ni taqdim etdi.
Meta’ning Superintelligence Lab laboratoriyasi dushanba kuni ikkita yangi, zamonaviy model — Muse Wonder va Muse Wonder Full’ni taqdim etdi. Bu kompaniyaning frontier model, ya’ni eng ilg‘or darajadagi model yaratish borasidagi ilk urinishi bo‘ldi.
Muse Spark past kechikish bilan ishlaydigan ixcham model sifatida ishlab chiqilgan edi. Wonder oilasidagi modellar esa kattaroq va imkoniyatlari kengroq. Ular benchmark sinovlarida yuqoriroq natija ko‘rsatadi, kod yozish kabi murakkab vazifalarni ham yaxshiroq bajaradi.
Meta model tavsifida keltirgan sinov natijalariga ko‘ra, Wonder va Wonder Full benchmarklarda Fable 5.1 hamda GPT-6 Astra bilan tenglashadigan ko‘rsatkichlarga erishgan.
“Bu ikki model birgalikda bizning masshtablash yo‘limizdagi navbatdagi bosqichni anglatadi va shaxsiy superintellekt sari katta qadamdir”, deyiladi Meta’ning modellar haqidagi blog postida.
Model narxlarida ham ularning ko‘lami aks etgan. Meta Model API orqali foydalaniladigan Wonder modeli uchun 1 millionta kiruvchi token $4, chiquvchi tokenlar esa $20 turadi. Bu narx jihatidan GPT-6 Sol yoki Opus 5.5 bilan deyarli bir xil.
Wonder Full esa faqat Muse Code obunachilariga taqdim etiladi va API orqali ishlamaydi. Har ikki model ham Muse agentini ishlatish uchun qo‘llanadi.
Meta uzoq vaqt davomida topshiriqlarni bajara oladigan shaxsiy yordamchilar yaratishga katta e’tibor qaratmoqda. Shu sababli kompaniya yangi modellarning foydalanuvchi bergan ma’lumotlarni saqlab qolish va keyinchalik ularni birlashtirib, mazmunli xulosa chiqarish qobiliyatini alohida ta’kidladi. Meta bu xususiyatni “faol xotira” deb ataydi.
Xotirani yaxshiroq ishlatish qobiliyatini baholash uchun Meta doimiy o‘rganish va xotirani shakllantirish tizimlarini sinovdan o‘tkazadigan MemoryBench mezoniga e’tibor qaratdi. Kompaniya sinovlariga ko‘ra, Muse Wonder hozir MemoryBench’da Fable, Opus va Astra’dan yuqoriroq natija ko‘rsatmoqda.
“Modelingiz kunlar, haftalar, oylar va undan ham uzoq vaqt davomida siz uchun muhim bo‘lgan narsalarni eslab qolishiga ishonch hosil qilish uchun juda katta kuch sarfladik”, dedi tadqiqotchi olim Kavya Kopparapu taqdimotga bag‘ishlangan videoda.
Yangi modellar Scale AI asoschisi Alexandr Wang o‘tgan yilning avgustida Meta’ning AI yo‘nalishini qayta tashkil etganidan keyingi ilk frontier model taqdimotidir. Shundan beri Meta yengil Muse Spark modelini va Muse agentini chiqardi, biroq OpenAI hamda Anthropic muntazam taqdim etib keladigan eng ilg‘or modellar toifasidagi relizlardan tiyilib keldi.
Blog postida aytilishicha, modellar Ogayo shtatining markaziy qismida joylashgan va joriy yil boshida ishga tushirilgan Meta’ning Prometheus ma’lumotlar markazida o‘qitilgan.