Microsoft xodimlarining qariyb 30 foiziga ishdan bo‘shash uchun tovon puli taklif qilmoqda
Dasturiy ta’minot giganti xarajatlarni kamaytirish uchun shtatni qisqartirmoqda, ayni paytda AI ma’lumotlar markazlarini rivojlantirishga milliardlab…
Dasturiy ta’minot giganti xarajatlarni kamaytirish uchun shtatni qisqartirmoqda, ayni paytda AI ma’lumotlar markazlarini rivojlantirishga milliardlab dollar sarflayapti.
Microsoft sun’iy intellektga katta mablag‘ sarflashda davom etar ekan, qariyb 60 ming xodimiga — kompaniya ishchi kuchining taxminan 27 foiziga — ixtiyoriy ravishda ishdan ketish uchun tovon puli taklif qilmoqda.
Kompaniyaning kadrlar bo‘yicha bosh direktori Amy Coleman dushanba kuni xodimlarga yuborgan maktubida yangi dastur haqida ma’lum qildi. Uning aytishicha, taklif yuqori lavozimdagi rahbarlar, hatto vitse-prezidentlargacha bo‘lgan xodimlarga ham tegishli.
“Bu taklif kompaniyadan tashqaridagi kelajagini o‘ylayotgan xodimlarga qo‘llab-quvvatlovchi sharoitda hozirning o‘zida bu o‘zgarishni amalga oshirish imkonini beradi”, deb yozdi Coleman. Microsoft o‘z blogida e’lon qilgan memorandumga ko‘ra, kompaniyada iyun oyi oxirida qariyb 223 ming kishi ishlagan. Bu 2025-yilning shu davriga nisbatan 5 ming xodimga kam.
Microsoft xarajatlarni qisqartirish maqsadida shtatni kamaytirmoqda, shu bilan birga AI ma’lumotlar markazlarini barpo etishga milliardlab dollar yo‘naltiryapti. Aprel oyida kompaniya uzoq yillardan beri ishlab kelayotgan xodimlariga ham shunga o‘xshash ixtiyoriy dastur taklif qilgan edi. Bu Microsoft tarixida bunday kelishuv ilk bor joriy etilishi bo‘lgan. O‘shanda Coleman kompaniya tezroq ishlash va boshqaruv jarayonlarini soddalashtirishga intilayotganini aytgandi.
Yangi dasturdan foydalanadigan xodimlarga kompaniyada ishlagan yillariga qarab tovon puli to‘lanadi. Aniq shartlar mamlakatlardagi mehnat qonunchiligiga qarab farq qiladi, biroq ular odatiy ishdan bo‘shatish paketlariga mos bo‘ladi, dedi Microsoft vakili Fortune nashriga. AQShda bu kamida sakkiz haftalik ish haqi, aksiyalarni berish jarayonining davom ettirilishi, tibbiy sug‘urta va karyera bo‘yicha xizmatlarni anglatadi. AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada va Hindistondagi xodimlar dasturda qatnashish uchun dekabr oyining birinchi haftasigacha rozilik berishi kerak. Ularning mehnat shartnomasi 31-dekabr kuni yakunlanadi.
Bosh direktor Satya Nadella rahbariyat tarkibida bir qator o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Bu davrda bir nechta yuqori lavozimli rahbarlar kompaniyani tark etdi. Nadella korporativ mijozlar va bulutli AI bozorlarida yetakchilikni qo‘lga kiritishga intilayotgan bir paytda Microsoft’dagi ish muhiti va rahbariyat tuzilmasi ham o‘zgarmoqda. LinkedIn bosh direktori bo‘lib ham ishlagan ijrochi vitse-prezident Ryan Roslansky yaqinda ketishini ma’lum qildi. Kompaniyaning kommunikatsiyalar bo‘yicha bosh direktori Frank X. Shaw ham lavozimini tark etishini bildirdi. Joriy yil boshida esa uzoq yillardan beri Microsoft’da ishlagan boshqa rahbarlar — o‘yinlar bo‘limi rahbari Phil Spencer hamda tajriba va qurilmalar yo‘nalishi bo‘yicha ijrochi vitse-prezident Rajesh Jha nafaqaga chiqdi.
Xarajatlarning oshishi fonida boshqa yirik texnologik kompaniyalar ham shtatni qisqartirmoqda. Iyun oyida Google ayrim xodimlariga ixtiyoriy ravishda ishdan ketish uchun tovon puli taklif qildi. Amazon esa Stores kabi bo‘limlarda ish o‘rinlarini qisqartirdi. Kompaniya 2025-yil oxiri va joriy yil boshida qariyb 30 ming xodimni ishdan bo‘shatgan edi.
Microsoft nechta xodim bu taklifni qabul qilishi kutilayotgani haqidagi savolga kompaniya vakili shunga o‘xshash dasturlarni joriy qilgan boshqa yirik texnologik kompaniyalarda xodimlarning 3–5 foizi undan foydalanganini aytdi.
Microsoft ma’lumotlar markazlariga eng ko‘p mablag‘ sarflayotgan texnologik kompaniyalardan biri bo‘lib qolmoqda. Kompaniyaning eng so‘nggi choraklik hisobotida iyun oyida yakunlangan chorak uchun kapital xarajatlar 41 milliard dollarni tashkil etgani qayd etilgan. Microsoft 2026-moliya yilida jami xarajatlar 145,3 milliard dollarga yetishini kutmoqda.
Iyul oyida Microsoft qariyb 4 800 ish o‘rnini qisqartirdi. Bu 2025-yilda amalga oshirilgan 15 mingdan ortiq ishdan bo‘shatishlardan keyin yuz berdi. So‘nggi qisqartirishlarning aksariyati kompaniyaning moliyaviy natijalariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan Xbox bo‘limiga to‘g‘ri keldi.
Microsoft chorshanba kuni moliyaviy yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha hisobotini e’lon qilishi kutilmoqda. Kompaniya aksiyalari so‘nggi olti oyda qariyb 25 foizga qimmatlagan.