New York Times va boshqa nashrlar kontentni ruxsatsiz yig‘gani uchun Brave brauzerini sudga berdi
The New York Times maxfiylikka yo‘naltirilgan Brave brauzeri kompaniyasini sudga berdi.
The New York Times maxfiylikka yo‘naltirilgan Brave brauzeri kompaniyasini sudga berdi. Nashr kompaniya mualliflik huquqi bilan himoyalangan materiallarni ruxsatsiz yig‘ib, ularni Anthropic va Perplexity kabi o‘z mijozlariga noqonuniy tarqatganini da’vo qilmoqda.
The New York Times dushanba kuni 11 yildan beri faoliyat yuritayotgan, maxfiylikka e’tibor qaratadigan Brave kompaniyasiga qarshi da’vo kiritdi. Da’voga ko‘ra, Brave nashrning mualliflik huquqi bilan himoyalangan kontentini yig‘ib, uni Anthropic, Perplexity, Mistral, xAI va Cohere kompaniyalariga tarqatgan.
Shu kuni Daily News, Chicago Tribune va Orlando Sentinel ham xuddi shunday mazmundagi da’vo bilan chiqdi. Har ikki ish Manxetten federal sudiga topshirilgan.
Avvalroq OpenAI va Perplexity kompaniyalarini ham shu kabi da’volar bilan sudga bergan The New York Times Brave’ni AI kompaniyalari uchun “o‘g‘irlangan mualliflik kontentining ta’minotchisi, sotuvchisi va tarqatuvchisi” deb atamoqda.
Da’vo arizasida “Shu tariqa, Brave nashriyotlarning kontentini o‘zlashtiradigan o‘g‘riga ham, o‘g‘irlangan materialni uchinchi tomonlarga sotadigan AI ‘sotuvchisi’ga ham o‘xshab qoladi”, deyiladi.
Nashrning ta’kidlashicha, Brave noma’lum krawler yordamida 30 milliarddan ortiq veb-sahifani indekslagan. Shu sababli nashriyotlar ushbu tizimni bloklay olmayapti.
Da’voda Brave brauzerining pullik obunalar bilan himoyalangan sahifalarga kirish cheklovlarini chetlab o‘tuvchi funksiyasi ham nishonga olingan. Shuningdek, kompaniya nashriyotlar reklamalarini bloklab, o‘z reklamalarini sotayotgani ham e’tirozga sabab bo‘lgan.
2015-yilda tashkil etilgan Brave shu kungacha qariyb 250 million dollar mablag‘ jalb qilgan. Bu ma’lumot xususiy bozorlarni kuzatuvchi kompaniyalar hisob-kitoblariga asoslangan. The New York Times suddan Brave faoliyatini cheklashni va yetkazilgan zarar uchun tovon undirishni so‘ramoqda.
Brave kompaniyasi izoh so‘rab yuborilgan murojaatga darhol javob bermadi.