Obama demokratlarni AI xavfsizligi bo‘yicha «aniq reja» tuzishga chaqirdi
Sobiq prezident Barack Obama demokratlar sun’iy intellektni o‘zlarining «asosiy kun tartiblaridan biri»ga aylantirib, texnologiyaning iqtisodiy ta’siri va…
Sobiq prezident Barack Obama demokratlar sun’iy intellektni o‘zlarining «asosiy kun tartiblaridan biri»ga aylantirib, texnologiyaning iqtisodiy ta’siri va xavfsizligi bilan bog‘liq xavotirlarga javob berish uchun «juda aniq reja» ishlab chiqishi kerakligini aytdi. Bu haqda The New York Times xabar berdi.
Obama bu fikrlarini payshanba kuni demokratlar uchun o‘tkazilgan mablag‘ yig‘ish tadbirida bildirdi. Unda u Vakillar palatasidagi ozchiliklar yetakchisi Hakeem Jeffries bilan suhbatlashgan. NYT yozishicha, Obama idorasi tadbirning qisman stenogrammasini taqdim etgan. Suhbat davomida Jeffries Kongressdagi demokratlar AI masalasiga qanday yondashishi kerakligini so‘ragan.
Obama javoban demokratlar Vakillar palatasida ko‘pchilikni qayta qo‘lga kiritgach, «jamoatchilik ishtirokidagi ochiq muhokama uchun asos yaratishi» kerakligini aytdi.
«Bu jarayon xususiy kompaniyalar qo‘lida juda tez rivojlanmoqda. Agar biz vaziyatni nazoratga olmasak, bu xavfli bo‘lishi mumkin, deb o‘ylayman», — dedi Obama. «Ammo uni to‘g‘ri boshqara olsak, katta foyda keltiradi. Masalan, men bu texnologiya dori vositalarini ishlab chiqishni sezilarli tezlashtirib, kasalliklarni davolashga yordam berishiga chin dildan ishonaman».
Jeffries bayonotida sobiq prezidentning «sun’iy intellekt bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish kerak, degan fikri to‘g‘ri» ekanini aytdi. Shuningdek, u «respublikachilar Amerika xalqining manfaatlarini ko‘zlab boshqarish mas’uliyatidan voz kechganini» ta’kidladi.
NYT ma’lumotiga ko‘ra, Obama AI kompaniyalari rahbarlari uchun «fikr almashish mumkin bo‘lgan maslahatchi» sifatida yordam taklif qilgan. U Anthropic bosh direktori Dario Amodei va OpenAI bosh direktori Sam Altman bilan ham suhbatlashgan. Uning bu bayonotlari AI xavfsizligi borasidagi xavotirlar kuchayib borayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda. Xususan, Anthropic kompaniyasidagi tadqiqotchilardan biri iste’foga chiqib, yetakchi AI kompaniyalari «o‘zini o‘zi takomillashtira oladigan superintellekt sari boshqaruvsiz yugurayotgani va buning evaziga hayotimizni xavf ostiga qo‘yayotgani»ni aytgan.
Shanba kuni Amodei «ilg‘or AI texnologiyalarini rivojlantirish sur’atini boshqarish» bo‘yicha keng qamrovli yondashuvni taklif qildi. Unga ko‘ra, mustaqil xavfsizlik baholovchilariga yetakchi AI kompaniyalari va ularning modellaridan foydalanish imkonini berish, shuningdek, kompaniyalar o‘rtasida «umumiy xavfsizlik standartlari»ni ishlab chiqish kerak.
Ijtimoiy tarmoqlardagi postlarida Altman va SpaceX bosh direktori Musk Amodei rejasini ijobiy baholagandek ko‘rindi. Altman OpenAI ham «xodimlarga beriladigan darajadagi foydalanish imkoniga ega mustaqil baholovchilar bilan ishlash» majburiyatini olishini aytdi.
Prezident Donald Trump esa yakshanba kuni Irlandiyada o‘tkazilgan golf tadbirida jurnalistlar bilan suhbatlashib, AI xavfsizligi bilan bog‘liq xavotirlar haqida gapirdi. Bloomberg xabariga ko‘ra, Trump AQShni «dunyodagi eng ilg‘or davlat» deb atadi va «shu maqomni saqlab qolmoqchi ekanini, chunki AI sohasida kim g‘alaba qozonsa, g‘alaba o‘shaniki bo‘lishini» aytdi. Shu yil boshida Trump ma’muriyati AI bo‘yicha qonunchilik konsepsiyasini e’lon qilgan edi. U shtatlarning tegishli qonunlaridan ustun turadigan qoidalarni joriy etishni va bolalar xavfsizligi uchun mas’uliyatni ota-onalarga yuklashni nazarda tutadi.
«Albatta, biz himoya choralarini joriy qila olamiz. Buni ham, boshqa narsani ham qilishimiz mumkin. Ammo menimcha, bu masalani aslida ko‘tarishi kerak bo‘lmagan ko‘plab salbiy kuchlar uni kun tartibiga olib chiqmoqda», — dedi Trump.