OpenAI matematika, kompyuter fanlari va fizikadagi yangi kashfiyotlarini e’lon qildi
OpenAI kompaniyasi o‘z modellaridan biri Eksponensial vaqt gipotezasi noto‘g‘ri ekanini ko‘rsatuvchi isbot yaratganini ma’lum qildi.
OpenAI kompaniyasi o‘z modellaridan biri Eksponensial vaqt gipotezasi noto‘g‘ri ekanini ko‘rsatuvchi isbot yaratganini ma’lum qildi. Kompaniya matematika va fizika masalalari bo‘yicha ham yangi natijalarni e’lon qildi.
Natijalarni o‘rganish va tushuntirish uchun ekspertlar guruhlari tuzildi.
Samuel Boivin/Shutterstock
OpenAI bundan atigi bir necha hafta oldin 372 ta muhim matematik masala bo‘yicha yechim va ilmiy siljishlar jamlangan, 700 sahifadan oshiq qo‘lyozmalarni e’lon qilgan edi. Endi kompaniya yana yangi kashfiyotlarini taqdim etdi. Bu safar natijalar faqat matematika bilan cheklanmay, kompyuter fanlari va fizika masalalarini ham qamrab olgan.
OpenAI ushbu loyiha doirasida uch xil yondashuvni sinab ko‘rdi. Matematik natijalar ochiq e’lon qilindi — tadqiqotchilar ularni ko‘rib chiqishi va mustaqil ravishda izohlashga harakat qilishi mumkin. Kompyuter fanlari va fizika bo‘yicha natijalar uchun esa kompaniya tashqi ekspertlardan iborat hamkorlar guruhini tuzdi.
Kompyuter fanlari bilan shug‘ullanuvchi guruhdan natijalarni o‘z maqola va materiallarida mustaqil ravishda tushuntirish so‘ralgan. Shu bilan birga, OpenAI model yaratgan materiallarni ham jamoatchilikka taqdim etdi. Fizikaga oid materiallarni e’lon qilish masalasini esa kompaniya bu yo‘nalishdagi guruhga topshirdi. OpenAI jarayonni «ishtirokchilar doirasini kengaytirish va uni yanada foydali qilish» bo‘yicha fikr-mulohazalarni kutayotganini bildirdi.
OpenAI GitHub’ga hozirning o‘zida ko‘rish mumkin bo‘lgan ikkita yangi qo‘lyozmani joyladi. Ulardan birida to‘lqin tenglamasi yechimlarining xatti-harakatiga oid faraz — Sogge’ning lokal silliqlash teoremasi — barcha fazoviy o‘lchamlarda isbotlangan.
Ikkinchi qo‘lyozmada esa Eksponensial vaqt gipotezasi noto‘g‘ri ekani ko‘rsatilgan. Kompyuter fanlaridagi bu gipotezaga ko‘ra, ayrim masalalarni qisqa vaqt ichida yechish nihoyatda qiyin yoki amalda imkonsiz.
OpenAI ta’kidlaganidek, ETH gipotezasi haqiqat ekani keng qabul qilingan va u turli sohalarda, jumladan ma’lumotlar bazalari, hisoblash biologiyasi hamda geometriyada chop etilgan yuzlab ilmiy ishlar uchun asos bo‘lib xizmat qilgan. Agar gipoteza haqiqatan ham noto‘g‘ri bo‘lib chiqsa, nazariy jihatdan bu sohalardagi masalalarni samaraliroq yechadigan yaxshiroq algoritmlarni topish mumkin bo‘ladi.
ETH’ni ilgari surgan olimlar ham OpenAI modellari yaratgan natijalarni tekshirish va tushuntirish uchun tuzilgan guruh tarkibiga kirgan.
Fizika yo‘nalishidagi natijalar esa to‘rt o‘lchamdagi gauge maydonlari va fermionlarni o‘z ichiga oluvchi o‘zaro ta’sirlashuvchi kvant maydon nazariyalarining isbotini qamrab oladi. Fizika natijalarini o‘rganayotgan guruh hozircha bu haqda hech qanday material e’lon qilmagan. Biroq uning ishlari yuzasidan savollar uchun YANGMILLS4D[@]gmail.com elektron pochta manzili taqdim etilgan.
Kompaniya modellari qilgan kashfiyotlar uchun akademik e’tirof yoki ilmiy mualliflik da’vosini ilgari surmasligini aytdi. Buning o‘rniga, har bir guruh a’zolari tayyorlaydigan maqola va materiallar uchun mualliflik e’tirofi shu guruh ishtirokchilariga beriladi.