OpenAI xatolari kamroq va arzonroq GPT-6 Sol hamda Luna modellarini taqdim etdi

OpenAI Astra bilan bir xil texnologik asosga ega ekanini ta’kidlayotgan ikkita yangi modelini ishga tushirdi.

OpenAI Astra bilan bir xil texnologik asosga ega ekanini ta’kidlayotgan ikkita yangi modelini ishga tushirdi.

Shu oy boshida OpenAI GPT-6 Astra modelini taqdim etgan edi. Kompaniya uni hozirgacha yaratgan eng kuchli va imkoniyatlari eng keng model, shuningdek, kompyuterda ishlash va dasturlash kabi turli vazifalar uchun “dunyodagi eng yaxshi model” deb atadi. Endi esa kompaniya GPT-6 avlodini yangilangan, ixchamroq Sol va Luna modellari bilan kengaytirmoqda.

“GPT-6 Astra sun’iy intellektning yangi avlodini boshlab berdi. Bu modellar esa uning afzalliklarini yanada samarali va ko‘proq foydalanuvchilar uchun qulay qiladi”, — deyiladi kompaniya xabarida.

Sol va Luna turkumidagi dastlabki modellar shu yil boshida taqdim etilgan va OpenAI model qatoridagi turli darajalarni ifodalagan edi. Sol dasturlash kabi murakkab vazifalar uchun mo‘ljallangan. OpenAI’ga ko‘ra, Luna esa hujjatlarni umumlashtirish, ma’lumot ajratib olish yoki tezkor savollarga javob berish kabi aniq maqsadli, katta hajmdagi ofis ishlariga ko‘proq mos keladi.

OpenAI yangi modellar samaradorligi va narxi sezilarli yaxshilanganini ham ta’kidlamoqda. Eng katta o‘zgarish API’dan foydalanish narxining keskin pasayganidir. 6-seriyadagi modellar Sol va Luna’ning 5.6-seriyasiga nisbatan ikki baravar arzon bo‘ladi. Kompaniya buni kesh mexanizmi va inferens jarayonidagi takomillashuvlar bilan izohlamoqda.

OpenAI yangi modellar faktlarga asoslangan, aniq javoblar berishda ham yaxshiroq ekanini aytmoqda. Kompaniya, shuningdek, dasturlash bilan bog‘liq vazifalarda xatolar soni kamayganini qayd etdi.

“Kompaniyaning foydalanuvchilar modellarimiz xatolarini belgilagan, shaxsi aniqlanmaydigan real suhbatlar asosida tuzilgan ichki faktik aniqlik sinovimizda GPT-6 Sol avvalgi modeliga qaraganda qariyb ikki baravar kam xato qiladi. Shu bilan birga, u Astra darajasidagi ishonchlilikni ancha past narxda ta’minlaydi”, — deyiladi e’londa.

OpenAI yangi model chiqarganida odatdagidek, kompaniya o‘zining yangi mahsulotlari asosiy raqibi Anthropic modellaridan ustun ekanini ham ta’kidlamoqda. Kompaniya GPT-6 Sol va Luna Anthropic’ning Fable va Opus kabi eng kuchli modellariga qaraganda ko‘plab vazifalarni ancha yaxshiroq bajara olishini qayta-qayta bildirgan.

E’tiborlisi, Anthropic Opus 5.5’ning yangi versiyasini OpenAI e’lonidan atigi 90 daqiqa oldin chiqardi. Bu ikki kompaniya o‘rtasidagi raqobat qanchalik keskin ekanini ko‘rsatadi.

Sol va Luna’ning yangi versiyalari hozirning o‘zida aksariyat pullik akkauntlar uchun ChatGPT Work va Codex’da, shuningdek, ChatGPT API’da mavjud. Luna’dan desktop ilovada, Free va Go tariflaridan foydalanuvchilar ham foydalanishi mumkin. OpenAI modellarni ChatGPT’ning ilovasi va veb-saytiga kun davomida bosqichma-bosqich joriy etishni rejalashtirmoqda.

Read on AI News →