OpenAI yana bir bor ko‘plab matematiklarning noroziligiga sabab bo‘lmoqda
“Yetakchi AI kompaniyalari o‘zini jinoiy guruhlar kabi tutayotgandek taassurot uyg‘otmoqda”, — deydi matematiklardan biri WIRED nashriga.
“Yetakchi AI kompaniyalari o‘zini jinoiy guruhlar kabi tutayotgandek taassurot uyg‘otmoqda”, — deydi matematiklardan biri WIRED nashriga. Bu paytda OpenAI yechimi topilmagan 100 dan ortiq masala bo‘yicha yangi natijalarni e’lon qilishga tayyorlanmoqda.
Avgust oyida OpenAI 40 ga yaqin matematikni yig‘ib, AI bu sohada inson imkoniyatlaridan o‘zib ketadigan bo‘lsa, qanday yo‘l tutish kerakligini muhokama qildi. Yig‘ilishda qatnashganlarning aytishicha, kompaniya o‘zining kuchli modellari uzoq yillardan beri yechimi topilmay kelayotgan yuzlab matematik masalalarni hal qilganini ma’lum qilgan. Biroq kompaniya vakillari bu natijalarning barchasini birdaniga e’lon qilmasliklarini aytgan. OpenAI vakili Lindsay McCallum esa kompaniya bunday va’dadan “xabardor emasligini” bildirdi.
OpenAI jamoatchilikning munosabatidan xavotirda bo‘lib, natijalarni qanday e’lon qilish haqida yig‘ilgan matematiklardan maslahat so‘ragan.
Yig‘ilish ishtirokchilari buni “hayajon va xavotir qorishmasi” sifatida qabul qilgan. Northwestern University matematigi Bryna Kra bu uchrashuvni istiqbolli ilk qadam deb hisoblaydi. Uning WIRED’ga aytishicha, guruh OpenAI’dan natijalarni o‘sha oy boshida 10 ta masala bo‘yicha qilganidek, shunchaki blog yoki tvit orqali e’lon qilmaslikni so‘ragan.
Kraning fikricha, OpenAI ish jarayonini tushuntiradigan ilmiy maqolalarni ham e’lon qilishi kerak edi. Shundagina matematiklar natijalarni o‘rganishi, tahlil qilishi va ulardan foydalanishi mumkin bo‘lardi. “Aftidan, bu fikrimiz inobatga olinmadi”, — deydi u.
Rejadan xabardor manbalarning WIRED’ga aytishicha, OpenAI seshanba kuni yechimi topilmagan yuzlab masala bo‘yicha natijalarni GitHub’ga joylamoqchi. Bu e’lon joriy yilda AI yordamida olingan o‘n minglab matematik yechimlarning navbatdagi qismi bo‘ladi. Frontier modellar tobora kuchayib borayotgani sababli bunday natijalar soni ham oshmoqda.
“28 avgust kuni yangi ichki modelni o‘qitishni boshladik. Bu model Navier—Stokes Millennium Prize masalasini hal qilishdan tashqari, matematikaning aksariyat yo‘nalishlarida uzoq yillardan beri ochiq qolayotgan 100 dan ortiq masalani ham yechdi”, — deydi McCallum.
“Modelimiz olgan navbatdagi matematik natijalarni mas’uliyat bilan e’lon qilish ustida ishlayapmiz. Buning uchun Institute for Advanced Study huzuridagi Mathematics and Artificial Intelligence bo‘yicha maslahat guruhi bergan tavsiyalar va jamoatchilik fikrlaridan foydalanmoqdamiz. E’lon qilish vaqti hali belgilanmagan.”
Biroq bir qator taniqli matematiklar uchun kutilayotgan bu e’lon kompaniya avvalgi chiqishlari atrofidagi bahsli vaziyatlardan yetarli xulosa chiqarmaganini ko‘rsatadi.
WIRED bilan suhbatlashgan olimlarning aytishicha, ular matematika sohasini OpenAI va uning raqibi Anthropic o‘z modellarini ko‘z-ko‘z qiladigan maydonga aylantirib yuborgan deb hisoblaydi. Ikki kompaniya ham katta va shov-shuvli IPO’ga tayyorlanayotgan bir paytda, bir-biridan o‘zib ketishga urinmoqda. Matematiklarning fikricha, bu poygada natijalarni e’lon qilish va mualliflikni belgilashga oid an’anaviy ilmiy tartiblar chetga surib qo‘yilmoqda.
Hozirgacha eng keskin holat sentyabr oyida yuz berdi. OpenAI boshqa tadqiqotchilar yechimga yaqinlashayotgani haqidagi “mish-mishlar”ni eshitgach, afsonaviy million dollarlik Millennium Prize masalasini yechish uchun minglab agentlarini ishga tushirdi.
New York University matematigi va professori Tristan Buckmaster kompaniyani Anthropic xodimi Levent Alpöge bilan hamkorlikda olib borgan ishini oldindan egallab olishga uringanlikda aybladi. Ular masalaning bir qismini yechishga doir ishlarini hali e’lon qilmagan, biroq tadqiqotda OpenAI vositalaridan foydalanib kelgan edi.