O‘zbekiston kompaniyalari AQSh iqtisodiyotiga sarmoya kirita boshladi — Mirziyoyev
O‘zbekiston va AQSh energetika, foydali qazilmalarni qayta ishlash, AI, raqamli texnologiyalar va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni kengaytiradi.
O‘zbekiston va AQSh energetika, foydali qazilmalarni qayta ishlash, AI, raqamli texnologiyalar va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni kengaytiradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-oktabr kuni Samarqandda Amerika–O‘zbekiston biznes va investitsiya kengashining ikkinchi yig‘ilishi ochilishida O‘zbekiston kompaniyalari AQSh iqtisodiyotiga sarmoya kirita boshlaganini aytdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirda AQSh davlat kotibi Marco Rubio, AQSh prezidentining maxsus vakili Sergio Gor, shuningdek, yetakchi Amerika kompaniyalari va banklari vakillari ham qatnashdi.
Mirziyoyevning ta’kidlashicha, ayni paytda O‘zbekistonda AQSh kapitali ishtirokidagi yuzlab kompaniya faoliyat yuritmoqda. Ular ishlab chiqarish, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va yangi texnologiyalar kabi sohalarda mamlakat bilan hamkorlik qilmoqda.
Kengash yig‘ilishidan oldin tomonlar umumiy qiymati qariyb 12 milliard dollar bo‘lgan 54 ta kelishuv va istiqbolli tashabbusdan iborat paketni tayyorladi. Ularni amalga oshirish uchun keng qamrovli harakatlar rejasi ishlab chiqiladi.
Prezident hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida muhim foydali qazilmalarni o‘zlashtirish va chuqur qayta ishlash, energetika, ma’lumotlar markazlari, sun’iy intellekt va raqamli yechimlar, shuningdek, ta’lim hamda kadrlar tayyorlashni ko‘rsatdi.
O‘zbekiston investorlar bilan ishlashda “plug-and-play” — ya’ni tayyor infratuzilmaga ega loyihalar modelini joriy etishni ham rejalashtirmoqda. Bunda tadbirkorlarga yer maydoni tayyor, infratuzilmaga ulangan, zarur ruxsatnomalar va hujjatlar rasmiylashtirilgan loyihalar taklif etiladi. Yangi tashkil etilgan To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi orqali O‘zbekiston kompaniyalari ham hamkor sifatida qatnashib, investitsiya xatarlarini birgalikda bo‘lishishi mumkin.
Mirziyoyev, shuningdek, O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida 2035-yilgacha mo‘ljallangan savdo, investitsiya va texnologik hamkorlik dasturini ishlab chiqishni taklif qildi.
Materialning inglizcha versiyasi AI tarjima vositalari yordamida tayyorlangan va asl matndan biroz farq qilishi mumkin.
Izohlar