O‘zbekiston va Malayziya islomiy moliya sohasidagi hamkorlikni kuchaytiradi
O‘zbekiston Markaziy banki va Malayziya Markaziy banki — Bank Negara Malaysia vakillari islomiy moliya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini…
O‘zbekiston Markaziy banki va Malayziya Markaziy banki — Bank Negara Malaysia vakillari islomiy moliya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi. Uchrashuv Silk Road Finance and Technology Forum doirasida bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar O‘zbekistonda islomiy moliyani rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘rib chiqdi. Jumladan, islomiy banklar va “islomiy darchalar” faoliyatini litsenziyalash, shuningdek, islomiy moliya uchun maxsus soliq rejimini joriy etish masalalariga e’tibor qaratildi.
Muzokaralarda shariat qoidalariga muvofiqlikni nazorat qilishning ikki bosqichli tizimini yaratish masalasi ham muhokama qilindi. Shuningdek, Markaziy bank va tijorat banklari huzurida Islomiy moliya kengashlarini tashkil etish taklifi ko‘rib chiqildi.
Malayziya tomoni mamlakatda islomiy moliya ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Markazlashtirilgan shariat boshqaruvi, islomiy bank mahsulotlarini bosqichma-bosqich joriy etish, shuningdek, bunday mahsulotlarni iste’molchilarning keng qatlamlari uchun yanada jozibador va qulay qilish mexanizmlariga alohida e’tibor qaratildi.
Malayziya islomiy moliya tizimini 1983-yilda rivojlantira boshlagan. O‘shandan buyon mamlakat mintaqadagi eng rivojlangan islomiy moliya ekotizimlaridan birini shakllantirdi.
Uchrashuvda islomiy moliyani faqat diniy nuqtayi nazardan emas, balki mijozlar va biznes uchun qo‘shimcha qiymat yaratishga qodir zamonaviy moliyaviy tizim sifatida rivojlantirish zarurligi ham ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida islomiy moliya sohasida bilim va tajriba almashuvini yanada kuchaytirishga kelishib olindi.