Raqobat qo‘mitasi taksi tariflarining asossiz oshirilishini o‘rganmoqda

Regulyator taksi agregatorlarini haydovchilar mablag‘ yechib olishda duch kelayotgan muammolarni bartaraf etish va narx belgilash algoritmlarini qayta…

Regulyator taksi agregatorlarini haydovchilar mablag‘ yechib olishda duch kelayotgan muammolarni bartaraf etish va narx belgilash algoritmlarini qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi.

O‘zbekiston Raqobat qo‘mitasi taksi agregatorlarining yo‘lovchilar va haydovchilarga ko‘rsatayotgan xizmatlari, shuningdek, tarif siyosatini o‘rganishni boshladi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.

So‘nggi kunlarda yirik taksi platformalarida texnik nosozliklar kuzatilgan bir paytda, raqobatchi xizmatlar tig‘iz vaqtlarda tariflarni bir necha bor oshirdi, deya ma’lum qildi regulyator. Qo‘mita bu holat jamoatchilikning “asosli noroziligiga” sabab bo‘lganini qayd etdi.

Qo‘mita platformalarda insofsiz raqobat alomatlari bor-yo‘qligini tekshiradi. Bunda tariflarning oshirilishi qanchalik asosli bo‘lgani va monopoliyaga qarshi qonunchilikka rioya etilgani o‘rganiladi.

Regulyator taksi xizmatlarini narx belgilash algoritmlarini qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi. Bu tariflarning keskin va sun’iy ravishda oshirilishining oldini olish uchun zarur. Shuningdek, haydovchilarning mablag‘ yechib olish bilan bog‘liq muammolarini hal etish, akkauntlari asossiz bloklangan haydovchilarni qayta faollashtirish, to‘lanmay qolgan barcha bonuslarni qayta hisoblab, berish, raqobatga zid amaliyotlardan voz kechish hamda haydovchilar va yo‘lovchilar uchun tun-u kun texnik yordam ko‘rsatishni ta’minlash so‘raldi.

Agar o‘rganish davomida raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik yoki iste’molchilar huquqlari buzilgani aniqlansa, qo‘mita rasmiy tekshiruv o‘tkazadi va aybdorlarga nisbatan qonunchilikka muvofiq choralar ko‘radi.

“Raqobat muhiti sharoitidagi har qanday harakat iste’molchilar manfaatlariga zid bo‘lmasligi kerak. Xizmatlar narxi va sifati adolatli hamda shaffof tamoyillarga asoslanishi lozim”, — deyiladi bayonotda.

11–13-oktabr kunlari Toshkent va O‘zbekistonning boshqa shaharlarida Yandex Go xizmatida yuz bergan yirik uzilishdan so‘ng, raqobatchi taksi platformalariga talab keskin oshdi. Uklon buyurtmalar soni o‘xshash kunlardagi o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan ikki-uch baravar ko‘payganini ma’lum qildi. Platformaga yangi haydovchilar qo‘shilishi esa qariyb o‘n baravarga oshgan.

Faqat Toshkentda faoliyat yuritadigan MyTaxi buyurtmalar soni 15 baravar oshganini bildirdi. Kompaniya o‘sishning 20–25 foizi yangi foydalanuvchilar hisobiga to‘g‘ri kelganini aytdi. Buyurtma qabul qilgan haydovchilar soni esa uch baravar ko‘paygan. Bunga asosan xizmatda avvaldan ro‘yxatdan o‘tgan haydovchilar sabab bo‘lgan.

Ushbu materialning inglizcha varianti AI tarjima vositalari yordamida tayyorlangan bo‘lib, asl matndan biroz farq qilishi mumkin.

Izohlar

Read on AI News →