Rayhon Milliy Taomlari asoschisi Odilxon Ismoilovning qamoq jazosi probatsiyaga almashtirildi

Sud zararni qoplash bo‘yicha ko‘rilgan choralarni inobatga olib, Ismoilovga uch yillik probatsiya nazoratini belgiladi.

Sud zararni qoplash bo‘yicha ko‘rilgan choralarni inobatga olib, Ismoilovga uch yillik probatsiya nazoratini belgiladi.

Rayhon Milliy Taomlari restoranlar tarmog‘i asoschisi Odilxon Ismoilov apellyatsiya sudi qaroridan so‘ng ozodlikka chiqarildi. Bu haqda Namangan viloyati sudlari matbuot xizmati xabar berdi.

Iyul oyida Pop tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudi Ismoilovni Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandida ko‘zda tutilgan, o‘ta katta miqdorda o‘zlashtirishda aybdor deb topib, sakkiz yilga ozodlikdan mahrum qilgan edi. Uning himoyachilari hukm ustidan Namangan viloyat sudiga apellyatsiya shikoyati kiritgan.

Apellyatsiya sudi zararni qoplash bilan bog‘liq bir qator holatlarni hisobga oldi. Ismoilov o‘zlashtirganlikda ayblangan mablag‘ning bir qismi naqd pul ko‘rinishida to‘lab berilgan.

Tadbirkorga tegishli mol-mulk zararni qoplash uchun keyinchalik sotish maqsadida bank balansiga o‘tkaziladi. Uning boshqa mol-mulklari ham zararni qoplashga yo‘naltirilgan.

Sud dastlabki hukmdagi jazo muddatini o‘zgartirmasdan qoldirdi. Biroq Jinoyat kodeksining 72-moddasiga asosan, Ismoilovga uch yillik probatsiya nazorati bilan shartli jazo tayinlandi.

1977-yilda tug‘ilgan Ismoilov 2010-yildan Toshkent shahrining bosh imomiga o‘rinbosar sifatida faoliyat yuritgan. 2011–2018-yillarda Shayxontohur tumani bosh imomi va Shayx Zayniddin masjidi imomi bo‘lgan.

2018-yil iyulida O‘zbekiston musulmonlari idorasi uni lavozimidan ozod qilganini ma’lum qildi. Bunga internetda tasdiqlanmagan ma’lumotlarning tarqalishi hamda Ismoilovning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilgan sog‘liq muammolari sabab sifatida ko‘rsatilgan.

Ismoilov 2019-yildan Vaqf xayriya jamg‘armasida ishlagan. O‘sha yilning fevralida u Shayxontohur tumanidagi Hoji Alambardor masjidiga ham imom etib tayinlangan. Biroq sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar sabab sentyabr oyida bu lavozimni tark etgan.

Ismoilov huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan yanvar oyida qo‘lga olingan. U va yana besh kishi Jinoyat kodeksining sakkizta moddasi bo‘yicha ayblangan. Ular qatorida o‘zlashtirish (167-modda), soxta tadbirkorlik (179-modda), soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash (184-modda), savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish (189-modda) hamda hujjatlarni qalbakilashtirish (228-modda) bor.

Materialning ingliz tilidagi versiyasi AI tarjima vositalari yordamida tayyorlangan va asl matndan biroz farq qilishi mumkin.

Izohlar

Read on AI News →