Reddit AI botlari sabab RSS tasmalari va ochiq API kirishini yopmoqda
Reddit foydalanuvchilar yaratgan kontentdan foydalanishni tobora cheklayotgani sababli RSS tasmalarini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatmoqda.
Reddit foydalanuvchilar yaratgan kontentdan foydalanishni tobora cheklayotgani sababli RSS tasmalarini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatmoqda.
Chorshanba kuni moderatorlar va dasturchilar uchun e’lon qilingan bir qator yangiliklar orasida ochiq internet tarafdorlari uchun yoqimsiz xabar ham bor: Reddit RSS tasmalaridan foydalanishni bekor qiladi.
Kompaniya RSS endilikda “keng ko‘lamli ma’lumot yig‘ish va avtomatlashtirilgan suiiste’mollar uchun keng tarqalgan vositaga aylanganini” aytdi. Shu sababli platformadagi RSS tasmalarini bosqichma-bosqich yopishga qaror qilingan.
“RSS uzoq vaqt davomida ochiq internetning ajralmas qismi bo‘lib kelganini bilamiz. Reddit bilan aloqada qolish uchun undan foydalangan barchaga minnatdormiz”, — deyiladi kompaniya bayonotida. Unda Reddit’ning ochiq API’si 2027-yil mart oyida yopilishi ham ma’lum qilingan.
Reddit RSS qo‘llab-quvvatlashi 13-noyabrdan to‘xtatilishini bildirdi.
RSS — Really Simple Syndication yoki Rich Site Summary iborasining qisqartmasi. Bu sayt yangilanishlarini standartlashtirilgan formatda foydalanuvchilar va dasturlarga yetkazib beradigan veb-tasma hisoblanadi. RSS ayniqsa bloglar ommalashgan davrda keng tarqalgan: foydalanuvchilar saytning yangi postlariga yangiliklarni o‘qish dasturlari orqali obuna bo‘lishi mumkin edi. Bir vaqtlar bunday xizmatlar orasida Google’ning mahsuloti eng mashhur bo‘lgan, biroq kompaniya uni 2013-yilda yopdi. Natijada bozor Feedly va boshqa mustaqil dasturlar ixtiyoriga o‘tdi.
Reddit RSS tasmalarini yopayotgan paytda platforma forumlaridagi foydalanuvchilar yaratgan ulkan kontent bazasi kompaniya uchun AI litsenziyalari orqali daromad keltiradigan yo‘nalishga aylangan.
Reddit ikkinchi chorakda reklama daromadidan tashqari “boshqa daromadlar” bir yil ichida 24 foizga oshib, 43 million dollarga yetganini ma’lum qildi. Shunday ekan, kompaniya bu ma’lumotlarni bepul taqdim etishni istamayotgani ajablanarli emas.
O‘z ogohlantirishlari uchun RSS kanallaridan foydalangan moderatorlarga Reddit endi Discord Relay Devvit ilovasiga o‘tishni tavsiya qilmoqda. Kompaniya moderatorlar va ularning jamoalariga mavjud sozlamalarni ko‘rib chiqib, ish jarayonlarini 13-noyabrdagi yopilish sanasigacha ko‘chirishni maslahat berdi. Bu ishda uzilishlar bo‘lmasligini ta’minlaydi. Biroq Reddit moderatorlar hamjamiyatidan tashqaridagi manbalar uchun ishlatilgan RSS tasmalariga muqobil yechim yo‘qligini aytdi.
Moderatorlar bu o‘zgarish ish jarayonlariga qanday ta’sir qilishidan allaqachon xavotir bildirgan. Reddit avvalroq platformadagi RSS xizmatini tugatishga tayyorlanayotganini bildirganida, ko‘pchilik bu qaror Reddit’ni boshqarishni qiyinlashtirishidan shikoyat qilgan. Ko‘plab foydalanuvchilar esa Reddit kontentiga aynan RSS orqali kirishni ma’qul ko‘rishini ta’kidlagan.
RSS bilan bog‘liq o‘zgarish kompaniya chorshanba kuni e’lon qilgan yangiliklarning faqat bittasi. Yana bir muhim o‘zgarish — ochiq API’ning yopilishi.
Ochiq API’dan foydalanish ham 2027-yil martigacha to‘xtatiladi. Bu Reddit’dagi muhokamalarga dasturiy tarzda kirish uchun API’dan foydalangan barcha vositalarga ta’sir qiladi. Jumladan, ijtimoiy tarmoqlarni kuzatish xizmatlari, tadqiqotchilar ishlatadigan vositalar va AI mahsulotlari, masalan, AI yordamchilari bundan zarar ko‘radi. Hozir bunday yordamchilar savollarga javob berishda Reddit’dan foydalanishi mumkin. Ochiq API yopilgach esa ular Reddit ma’lumotlaridan foydalanish uchun kompaniya bilan tijoriy kelishuv tuzishiga to‘g‘ri keladi.