Replit endi Anthropic bilan hamkorlik qilmayapti, deydi bosh direktor
Dam olish kunlari Masad OpenAI Anthropic o‘rniga Replit’ning asosiy model hamkoriga aylanganini aniqlashtirdi.
Dam olish kunlari Masad OpenAI Anthropic o‘rniga Replit’ning asosiy model hamkoriga aylanganini aniqlashtirdi. Biroq platforma foydalanuvchilari Claude’dan foydalanishda davom etishi mumkin.
Startap asoschilari va dasturchilar orasida mashhur bo‘lgan AI-kodlash platformasi Replit endi Anthropic bilan hamkorlik qilmayapti. Bu haqda kompaniya bosh direktori va hammuassisi Amjad Masad payshanba kuni TechCrunch Disrupt tadbirida sahnada ma’lum qildi.
Masadning aytishicha, bunday qarorga bir nechta omil, jumladan xarajatlar sabab bo‘lgan. Replit avgust oyida OpenAI bilan hamkorlikni e’lon qilgandi, ammo o‘sha paytda Anthropic bilan hamkorlik to‘xtatilgani haqida hech qanday ma’lumot berilmagan.
“Menimcha, hozir ChatGPT yaxshiroq ishlayapti”, — dedi Masad. U kompaniya samaradorlik kabi ko‘rsatkichlarni baholash uchun ichki mezonlardan foydalanishini qo‘shimcha qildi.
“Biz ommaga ochiq benchmark’ni ham e’lon qilamiz. Unda Sol va Astra noldan vibe-kodlash usulida ilovalar yaratishda muntazam ravishda yaxshiroq natija ko‘rsatmoqda. Bu qarorga xarajatlar, hamkorlik va samaradorlikning barchasi ta’sir qildi. Shu sabablarning hammasini hisobga olib, hozircha ular biz uchun yaxshiroq hamkor, degan xulosaga keldik”, — dedi u.
Biroq Anthropic Replit’dan butunlay chiqarib tashlanmaganga o‘xshaydi. Replit foydalanuvchilarga ilovalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri brauzer ichida yaratish va ishga tushirish imkonini beruvchi bulutli dasturiy ta’minot ishlab chiqish platformasini taklif qiladi.
Disrupt tadbiridan keyin Masad aniqlik kiritib, foydalanuvchilar hali ham platformada Anthropic modellaridan foydalanishi mumkinligini aytdi. Faqat endi standart model sifatida OpenAI’ning ChatGPT’si tanlangan. Bu o‘zgarish Replit’ning Anthropic’ga sarflaydigan mablag‘ini sezilarli kamaytirishi mumkin, chunki foydalanuvchilarning aksariyati modelni qo‘lda tanlashdan ko‘ra standart variantdan foydalanadi.
OpenAI bilan kelishuv tuzilishidan oldin Replit platformasini Anthropic’ning Claude modellari asosida ishlatgan. Mazkur hamkorlik kompaniya daromadining sezilarli o‘sishiga yordam bergani aytilgan. Masad tadbir sahnasida Replit yaqin vaqtgacha Anthropic’ning eng yirik beshta mijozidan biri bo‘lganini ham ta’kidladi.
“Replit modellarga nisbatan betaraf bo‘lib qoladi. Foydalanuvchilarimiz Anthropic’ning Claude’i yoki qo‘llab-quvvatlanadigan boshqa modellarni tanlashi mumkin. Replit Agent’ni ishga tushirish uchun esa hozir OpenAI’ni afzal hamkor sifatida tanlaganmiz. Bunga samaradorlik, iqtisodiy manfaat va hamkorligimizning mustahkamligi sabab bo‘ldi”, — dedi Masad dam olish kunlari TechCrunch’ga.
Biroq Anthropic va Replit o‘rtasidagi hamkorlikdan xabardor manbalar Masadning sahnadagi fikrlariga qo‘shilmadi. Ismini oshkor qilishni istamagan manbalardan biri hamkorlik hali ham amalda ekanini aytdi.
Replit’ning veb-sayti, blogi va ijtimoiy tarmoqlardagi postlarida kompaniya Anthropic mahsulotlarini bundan bir necha hafta oldin ham targ‘ib qilgani ko‘rinadi. Masalan, sentyabr oxiridagi blog postida Replit Agent’ning ishlab chiqarish muhitida Anthropic’ning Claude Fable 5 va Claude Fable 5.1 modellari ishlayotgani aytilgan. Taxminan shu vaqtda Replit mahsulot jamoasi xodimlaridan biri X tarmog‘ida Anthropic’ning asosiy modeli Opus 5.5’dan foydalanayotgani va uning imkoniyatlarini targ‘ib qilgani haqida yozgan.
Masad Disrupt tadbirida Replit’ning o‘sishi haqida ham ma’lumot berdi. Uning aytishicha, korporativ mijozlar kompaniya daromadida tobora kattaroq ulushni egallay boshlagan.