Saida Mirziyoyeva Turkiyaning Baykar dron ishlab chiqaruvchisiga tashrif buyurdi
Prezident Administratsiyasi rahbari, shuningdek, Ibn Haldun universiteti va Yenidogu maktabida ham bo‘ldi.
Prezident Administratsiyasi rahbari, shuningdek, Ibn Haldun universiteti va Yenidogu maktabida ham bo‘ldi.
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Turkiyaga tashrifi doirasida Baykar majmuasiga bordi. Bu haqda u Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Baykarda u, xususan, mudofaa sanoatidagi yuqori texnologik loyihalar bilan tanishdi. Mirziyoyevaning aytishicha, Turkiyaning bu sohadagi tajribasi O‘zbekiston uchun muhim ahamiyatga ega.
“Bu yutuqlar ortida yillar davom etgan ilmiy izlanishlar, iqtidorli muhandislar mehnati va milliy texnologiyalarni rivojlantirishga kiritilgan investitsiyalar turibdi. Turkiyaning bu boradagi tajribasi O‘zbekiston uchun ham amaliy ahamiyatga ega”, — deb yozdi u.
Uning ta’kidlashicha, ikki mamlakat mutaxassislari tajriba almashishi va texnologik loyihalarni birgalikda amalga oshirishi uchun imkoniyatlar mavjud.
Avvalroq Mirziyoyeva Istanbul shahridagi Ibn Haldun universiteti va Yenidogu maktabiga Necmeddin Bilal Erdoğan bilan birga tashrif buyurgan edi. U yerda ta’lim berish usullari, shuningdek, yoshlarning iste’dodi va mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirishga qaratilgan yondashuvlar bilan tanishdi.
Tashrif davomida tomonlar ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, tajriba almashish hamda maktab o‘quvchilari, talabalar va o‘qituvchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga kelishib oldi.
“Ta’lim O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarning muhim yo‘nalishlaridan biridir. Bu boradagi hamkorligimiz yoshlarning bilim olishi, dunyoqarashini kengaytirishi va bir-birini yaxshiroq tanishiga yordam beradi”, — dedi Prezident Administratsiyasi rahbari.
Mazkur materialning inglizcha versiyasi AI tarjima vositalari yordamida tayyorlangan va asl matndan biroz farq qilishi mumkin.
Izohlar
Telegram-kanalga obuna bo‘ling
So‘nggi yangiliklar