Sun’iy intellekt shifokorlarni o‘ylantirmoqda: bizga endi nima qoladi?
Yaqinda e’lon qilingan maqolada AI ko‘pincha shifokorlardan yaxshiroq tashxis va davolash bilan shug‘ullanishi aytiladi.
Yaqinda e’lon qilingan maqolada AI ko‘pincha shifokorlardan yaxshiroq tashxis va davolash bilan shug‘ullanishi aytiladi. Buni kim xushxabar deb qabul qilmaganini taxmin qilish qiyin emas.
Shu oy Journal of the American Medical Association jurnalida chop etilgan maqola sarlavhasidagi savol belgisiga aldanmang. Mualliflar, jumladan, tibbiyot sohasidagi mashhur mutaxassis Ezekiel Emanuel va venchur sarmoyador Vinod Khosla “Avtonom AI eng yaxshi tibbiy yordam ko‘rsatishda AI yordamidagi shifokorlardan o‘zib ketadimi?” deb so‘rashganda, aslida ritorik savol bergan. Ularning javobi qat’iy: ha.
Tibbiyot olamidagi ko‘plab mutaxassislar bemorlarga eng yaxshi yordam shifokorlar yaxshi tayyorlangan botlar bilan maslahatlashadigan gibrid yondashuv orqali ko‘rsatilishi mumkinligini istar-istamas tan ola boshladi. Ammo mazkur maqolaning asosiy tezisi bundan ham keskinroq: eng yaxshi natijani yolg‘iz AI ta’minlay oladi.
“2024-yil 1-yanvardan beri AI va tibbiyot bo‘yicha chop etilgan barcha maqolalar tahlili shuni ko‘rsatadiki, tibbiyot beshta asosiy vazifada eng yaxshi yordamni ko‘rsatish bo‘yicha AI yolg‘iz ishlaydigan va shifokor-AI gibridlaridan ustun keladigan bosqichga tez yaqinlashmoqda”, deb yozadi mualliflar.
Bu vazifalar bemorning tibbiy tarixini yig‘ish, tashxis qo‘yish, qaysi tahlil va tekshiruvlar kerakligini aniqlash, davolashni belgilash hamda surunkali kasalliklarni boshqarishni o‘z ichiga oladi. Qisqasi, shifokorlikning o‘zi.
Mualliflar fikricha, AI shu qadar kuchli bo‘lib bormoqdaki, shifokorlar unga ortiqcha aralashmasligi kerak. Chunki “insonning jarayonga aralashishi AI samaradorligini pasaytiradi”. Ya’ni, shifokor, chetroqda turing — AI o‘z ishini qilsin. Ilgari bu ishni siz qilardingiz.
Maqolaning yetakchi muallifi Emanuel — Ari va Rahmning akasi, Penn universitetidagi Tibbiy etika va sog‘liqni saqlash siyosati departamenti rahbari hamda taniqli onkolog — ko‘p yillar davomida AI tibbiyotning asosiy vazifalarini bajara olishiga ishonmaganini aytdi.
U 2010-yillarda konferensiyalarda Khosla bilan uchrashib turardi. O‘shanda venchur sarmoyador unga 2035-yilga borib, shifokorlar qiladigan ishlarning 85 foizini AI bajarishini qayta-qayta aytardi. Khosla bu fikrni yillar davomida ilgari surib kelgan: 2012-yilda TechCrunch nashrida “Bizga shifokorlar kerakmi yoki algoritmlarmi?” degan maqolani yozgan, 2016-yilda esa shu mavzuda 101 betlik tadqiqotini e’lon qilgan.
“Men ‘bo‘lmagan gap, buning iloji yo‘q’ derdim. Shifokorlar qiladigan ish juda murakkab”, deydi Emanuel.
Ammo qariyb bir yil avval Emanuelning do‘sti Robert Wachter unga Wachterning A Giant Leap kitobi korrekturasini yubordi. UCSF tibbiyot fakulteti rahbari bo‘lgan Wachter unda yuqori darajadagi tibbiy yordam AI va shifokorlar hamkorligiga asoslanadigan dunyoni tasvirlagan. Biroq u “iqtisod klassi”dagi ko‘pchilik asosan yolg‘iz AI xizmatidan foydalanishga majbur bo‘lishini yozgan.
Shundan so‘ng Emanuel Khosla haq bo‘lishi mumkinligini o‘ylay boshladi. Birdan uni qo‘rqinchli savol o‘ylantirib qoldi: “Agar AI hamma ishni o‘z zimmasiga olsa, shifokorlarga nima qoladi?”
Avval u bu fikrni tekshirib ko‘rishi kerak edi. Emanuel Khoslani hamkorlikka taklif qildi. Khosla esa bu ishga o‘g‘li Neal Khosla va Emanuelning tadqiqotchisini qo‘shishni taklif etdi.