TikTok Musk haqidagi hujjatli film reklamasini AQShdagi keng namoyishdan oldin taqiqlagani aytilmoqda

Platforma bu qarorni “siyosiy mazmundagi va siyosatimizga zid kontent” bilan izohladi.

Platforma bu qarorni “siyosiy mazmundagi va siyosatimizga zid kontent” bilan izohladi.

Bleecker Street

Milliarder Ilon Musk haqida hikoya qiluvchi, qariyb to‘rt soatlik “Musk” hujjatli filmi atrofidagi bahslar davom etmoqda. Eng so‘nggi voqea — TikTok filmni targ‘ib qiluvchi reklama akkauntini blokladi. Bu haqda avval The Hollywood Reporter xabar bergan.

Nashrga ko‘ra, ijtimoiy tarmoq bu qarorni “siyosiy mazmundagi va platforma qoidalarini buzuvchi kontentning takroran joylashtirilgani” bilan asoslagan.

Alex Gibney rejissyorlik qilgan, Bleecker Street esa tarqatayotgan film 9-oktabrda cheklangan namoyish bilan ekranlarga chiqqan. O‘sha hafta oxirida u Nyu-York va Los-Anjelesdagi atigi to‘rtta kinoteatrda namoyish etildi.

Film ilk dam olish kunida qariyb 70 ming dollar daromad keltirdi. 16-oktabrdan esa “Musk” AQShning ancha ko‘p kinoteatrlarida namoyish etila boshladi. TikTok reklama akkauntini “butunlay bloklagani” haqidagi qaror film kengroq tarqatilishidan sal oldin qabul qilingan.

Bleecker Street THR’ga kompaniya bu qaror ustidan shikoyat qilishini va uni bekor qildirishga urinib ko‘rishini ma’lum qildi.

“Musk” hujjatli filmi reklama bilan bog‘liq muammolarga TikTok’dan tashqari boshqa ijtimoiy platformalarda, jumladan Meta va YouTube’da ham duch kelgan. Biroq bu ikki platforma oxir-oqibat film premyerasini targ‘ib qiluvchi treyler reklamalarini joylashtirishga ruxsat berdi.

Meta vakili THR’ga dastlabki rad javobi “xato” bo‘lganini aytdi. YouTube esa film treyleri platformada namoyish etilishiga “ruxsat berilganini” bildirgan bayonot e’lon qildi.

Muskka tegishli X platformasi esa THR’ning avvalgi xabariga ko‘ra, hujjatli film treylerini joylashtirishdan oldinroq bosh tortgan edi.

Read on AI News →