Twitch va Amazon strimerlar kontenti orqali AI’ni o‘qitgani uchun sudga berildi
Jamoaviy da’voda Amazon Twitch strimerlaridan kontentlarini kompaniya AI modellarini o‘qitishda ishlatishga rozilik olmagani ta’kidlangan.
Jamoaviy da’voda Amazon Twitch strimerlaridan kontentlarini kompaniya AI modellarini o‘qitishda ishlatishga rozilik olmagani ta’kidlangan.
Smith Collection/gado/Getty Images
Strimer Twitch va Amazon o‘z kontentidan AI modellarini o‘qitishda foydalanayotganiga qarshi chiqdi. Konnektikutda yashovchi strimer Warren Pandiscia shu hafta boshida jamoaviy da’vo arizasi bilan sudga murojaat qildi. Bu haqda birinchi bo‘lib Courthouse News xabar berdi. Da’voda Twitch va Amazon uning Twitch’dagi strimlari hamda videolaridan Amazon’ning AI mahsulotlarini rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan “ma’lumotlar to‘plami” sifatida foydalanishdan oldin litsenziya yoki ruxsat olmagani aytilgan.
Shu oy boshida Twitch Support X ijtimoiy tarmog‘ida foydalanuvchilar uchun kanal kontentidan Amazon’dagi generativ AI modellarini o‘qitishda foydalanishni rad etish imkoniyati qo‘shilganini ma’lum qildi. Ko‘p o‘tmay Twitch navbatdagi Patch Notes strimini o‘tkazdi. Unda kompaniyaning mahsulotlar bo‘yicha bosh direktori Mike Minton tomoshabin AI’ni o‘qitish sozlamalari nega avvaldan yoqilgan va foydalanuvchi istamasa, keyin o‘chirishi kerak bo‘lgan tartibda ishlashini so‘raganida: “Agar bu rozilik asosida ishlaganida, hech kim rozi bo‘lmasdi”, dedi.
Endi berilgan jamoaviy da’voda Twitch va Amazon strimerlar kontentidan “alohida tijoriy AI mahsulotlari uchun bepul o‘quv materiali” sifatida foydalanishga qaror qilgani bilan shartnomani buzganlikda ayblanmoqda. Da’voda, shuningdek, ikki kompaniya strimerlar hisobidan foyda ko‘rgani aytiladi. Hujjatga ko‘ra, strimerlar “javobgarlarning qonunga xilof, adolatsiz va firibgarlikka asoslangan amaliyotlari oqibatida pul yoki mol-mulkidan ayrilgan”.
AI’ni o‘qitish uchun kontent yaratuvchilardan foydalangani sabab sudga berilgan yagona kompaniya Amazon emas. Joriy yil boshida uch nafar YouTuber Apple’ga qarshi jamoaviy da’vo arizasi topshirdi. Ular kompaniyani AI modellarini o‘qitish uchun mualliflik huquqi bilan himoyalangan kontentni ruxsatsiz yig‘ishda ayblagan.