Xbox menejeri: o‘yinlar yaratishda AI allaqachon qo‘llanmoqda
Brandon Stirrup o‘yin sanoatida AI’dan foydalanish keng tarqalganini aytganidan bir kun o‘tib, X’dagi izohlarini o‘chirib tashladi.
Brandon Stirrup o‘yin sanoatida AI’dan foydalanish keng tarqalganini aytganidan bir kun o‘tib, X’dagi izohlarini o‘chirib tashladi.
esthermm/Shutterstock
Generativ AI bugun o‘yin yaratish sohasidagi eng bahsli mavzulardan biri. Bu texnologiya o‘yinlarning kelajagimi yoki sohaga vaqtincha kirib kelgan zararli hodisami — bunga javob kimdan so‘rashingizga bog‘liq.
Xbox strategiya menejeri Brandon Stirrup yaqinda ushbu bahsga qo‘shilib, Xbox hozirning o‘zida o‘yinlar yaratishda AI’dan foydalanayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, buni inkor qilayotganlar shunchaki “o‘zini bilmaganga solyapti”. Stirrup ko‘p o‘tmay ijtimoiy tarmoqdagi akkauntini yopdi. Biroq uning postlari boshqa joylarda saqlab qolingan. Bu esa generativ AI o‘yin yaratishda qanday rol o‘ynayotgani yoki umuman qanday rol o‘ynashi kerakligi haqidagi munozaralarni yanada kuchaytirdi.
Stirrup aytganidek, Xbox AI’dan foydalanayotgani aslida unchalik ajablanarli bo‘lmasdi. Xbox yaqinda Xbox Labs loyihasi tashkil etilganini e’lon qildi. Bu tashabbus, hech bo‘lmaganda qisman, AI yordamida boshqa platformalarga moslashtirilayotgan o‘yinlar soni ko‘payib borayotganiga javob sifatida paydo bo‘lgan. E’londa yangi jamoa AI’dan foydalanishi mumkinligiga ishora qilingan, ammo bu ochiq aytilmagan.
Xbox egasi Microsoft ham AI rivojida muhim o‘yinchilardan biri. Shu sababli Xbox Isroil armiyasi tomonidan ushbu texnologiyadan foydalanilayotgani ortidan BDS boykot kampaniyasiga ham nishon bo‘lgan. Xbox hozircha o‘yinlarni AI yordamida ishlab chiqish masalasidagi rasmiy pozitsiyasini bildirmadi. Boshqa ishlab chiquvchilar esa bu boradagi qarashlarini aniq belgilab olmoqda.
O‘yin yaratishda chindan ham hamma AI’dan foydalanadimi?
Ayniqsa yirik o‘yin studiyalari orasida generativ AI o‘yin ishlab chiqish jarayonini tezlashtirish uchun ishlatilishi kerak, degan qarash keng tarqalgan. Capcom, Square Enix, Sega, Nexon va Activision kabi kompaniyalar o‘z o‘yinlarida AI’dan foydalangan yoki kelajakda foydalanish niyatini bildirgan.
Fortnite ishlab chiquvchisi Epic Games AI’dan foydalanishini ayniqsa ochiq aytib keladi. Kompaniya rahbari Tim Sweeney esa ijtimoiy tarmoqlarda bu texnologiyani faol targ‘ib qilmoqda. O‘yin sanoatida o‘tkazilgan bir nechta tadqiqot ham AI’dan foydalanish darajasi juda yuqori — qariyb 90 foiz — ekanini ko‘rsatgan. Biroq tadqiqotlarda qatnashganlar sonining cheklangani va “AI” tushunchasi turlicha talqin qilingani sababli, bu natijalar butun sohaga qanchalik mos kelishi noma’lum.
Boshqa tomondan, o‘yin sanoatining generativ AI’ga ochiq qarshi chiqayotgan katta qismlari ham bor. Odatda bular AI xarajatlarni kamaytirishini ko‘rsatib, aksiyadorlar oldida hisobot berishga majbur bo‘lmagan kichik mustaqil studiyalardir.
Bunday studiyalar qatoriga Tunic nashriyotchisi Finji, Stardew Valley ishlab chiquvchisi ConcernedApe va Clickolding yaratuvchisi Strange Scaffold ham kiradi. Studiyalar soni juda ko‘p va ular faoliyati bir-biridan keskin farq qiladi. Shu bois ayni paytda butun sanoatning qanchasi AI’dan foydalanayotganini aniq aytish imkonsiz. Ammo “hamma AI’dan foydalanmoqda” degan da’vo aniq noto‘g‘ri.
O‘yinchilar orasida ham generativ AI’ni qabul qilish yoki undan butunlay voz kechish kerakligi borasida qarashlar ikkiga bo‘lingan. Ayrimlar AI kelajakdagi o‘yinlarning ajralmas qismiga aylanadi, deb hisoblaydi. Boshqalar esa texnologiyaning atrof-muhitga ta’siri, mehnat bilan bog‘liq muammolar yoki shunchaki estetik didi sabab AI ishlatilgan o‘yinlardan ataylab qochishga va’da bermoqda.