Yana ikki nashriyot OpenAI va Microsoft’ni mualliflik huquqini buzganlikda sudga berdi
The Seattle Times va Newsday ikki texnologik gigantni o‘z materiallaridan ruxsatsiz foydalanganlikda ayblamoqda.
The Seattle Times va Newsday ikki texnologik gigantni o‘z materiallaridan ruxsatsiz foydalanganlikda ayblamoqda.
Tada Images/Shutterstock
The Seattle Times va Newsday OpenAI hamda Microsoft’ga qarshi birgalikda da’vo arizasi berdi. Ularning aytishicha, kompaniyalar sun’iy intellekt modellarini mualliflik huquqi bilan himoyalangan materiallar asosida, tegishli ruxsatsiz o‘qitgan.
Juma kuni sudga murojaat qilgan ikki nashr generativ AI’ni “o‘z dumini o‘zi yeyayotgan ilon”ga qiyosladi. Ularning fikricha, bu texnologiya oxir-oqibat ham yangiliklar tashkilotlarini, ham o‘zi tayangan kontentni yo‘q qilishi mumkin.
Da’voda The Seattle Times va Newsday OpenAI hamda Microsoft yangilik maqolalarini “tizimli ravishda yig‘ib olgani”ni, bunda pullik to‘siqlarni chetlab o‘tganini ta’kidlagan. Nashrlar bunday usulda AI modellarini o‘qitish ularning biznes modeliga zarar yetkazayotganini aytmoqda. Chunki foydalanuvchilar yangilik maqolalarining o‘rniga AI yaratgan qisqa yoki muqobil matnlardan foydalanishi mumkin. Natijada The Seattle Times va Newsday saytlariga kiruvchilar soni, shuningdek, raqamli reklama daromadi kamayadi.
Da’voga ko‘ra, bu AI modellar ba’zan nashrlar nomidan yolg‘on ma’lumotlar tarqatadigan “gallyutsinatsiyalar” ham yaratadi. Bundan tashqari, maqolalardagi mualliflik huquqini boshqarish haqidagi ma’lumotlar ham olib tashlanadi.
The Seattle Times va Newsday AI kompaniyalariga qarshi sudga murojaat qilayotgan yangiliklar tashkilotlari ro‘yxatining tobora kengayib borayotganini ko‘rsatadi. 2023-yilda The New York Times shu kabi sabablar bilan OpenAI va Microsoft’ni sudga berib, bu yo‘nalishda muhim huquqiy qadam tashlagan edi.
Keyinchalik bunday da’volar ko‘paydi. Joriy yil boshida CNN ham mualliflik huquqini buzganlikda ayblab, Perplexity’ni sudga berdi. Biroq barcha yangiliklar tashkilotlari sud yo‘lini tanlamayapti. Masalan, AP va Vox Media OpenAI bilan hamkorlik qilishga kelishdi va kompaniyaga o‘z materiallari asosida AI modellarini o‘qitishga ruxsat berdi.