Yandex Uzbekistan mamlakatdagi ilk Milliy transport xakatonida ishtirok etadi

O‘zbekiston Transport vazirligi va Raqamli transport markazi mamlakatdagi ilk Milliy transport xakatonini boshladi.

O‘zbekiston Transport vazirligi va Raqamli transport markazi mamlakatdagi ilk Milliy transport xakatonini boshladi. Yandex Uzbekistan tadbirda hamkor sifatida qatnashmoqda. Uch kun davomida ishtirokchilar transport sohasi uchun raqamli xizmatlar va sun’iy intellekt yechimlarini ishlab chiqadi.

Jamoalar aviatsiya, temiryo‘l va avtomobil transporti yo‘nalishlarida aholining harakatlanishini yaxshilash, sun’iy intellektni vazirlikning axborot tizimlariga joriy etish hamda katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilishga qaratilgan loyihalarni taqdim etadi.

Transport vaziri Ilhom Mahkamov ochilish marosimida transportni raqamlashtirish islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sohani rivojlantirishda yoshlarning bilim va tashabbusi muhim o‘rin tutadi. Vazir Milliy transport xakatonini muntazam o‘tkazib borish rejalashtirilayotganini ham aytdi.

Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarovning ma’lum qilishicha, vazirlik hozirda 40 dan ortiq raqamli loyihani amalga oshirmoqda. Har oy vazirlikning axborot tizimlaridan qariyb 5 million kishi foydalanadi. Davlat tomonidan ko‘rsatiladigan 22 ta xizmatning barchasi raqamlashtirilgan.

Uning aytishicha, navbatdagi bosqich — sun’iy intellektdan foydalanish ko‘lamini kengaytirish. Xakaton esa amaliy yechimlar ishlab chiqish uchun maydon bo‘lib xizmat qiladi.

Yandex Uzbekistan strategik rivojlanish bo‘yicha vitse-prezidenti Sardor Qodirov transport tizimlari tobora ko‘proq ma’lumotlar, algoritmlar va AI’ga tayanayotganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yandex shahar transporti xizmatlarini rivojlantirishda har kuni mashinaviy o‘qitish, xaritalash texnologiyalari va katta ma’lumotlarni tahlil qilishdan foydalanadi. Kompaniya bu tajribani O‘zbekistondagi yosh mutaxassislar bilan bo‘lishishni maqsad qilgan.

Xakaton davomida transport, sun’iy intellekt, ma’lumotlar tahlili va raqamli mahsulotlar bo‘yicha ekspertlar ishtirokchilar bilan birga ishlaydi. Ular prototiplar va raqamli xizmatlarni ishlab chiqadi.

Read on AI News →